3 Декабр 2021 йил 5464

Oilalar baxti-saodati yo‘lida: “Ajrim – yechim emas!”

Kuni-kecha Buxoro davlat universitetida viloyat hokimligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, viloyat sektorlari hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Kengashining “Erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan “Ajrim – yechim emas” mavzusidagi tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan mutasaddilar tomonidan viloyatda oilaviy ajrimlar, erta turmush va erta tug‘ruq, farzandlarning otasiz yoki onasiz o‘ksik ulg‘ayishi holatlarining oldini olish, ajrimlarga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganish borasida so‘z yuritilib, keng muhokama qilindi.

Bunda, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shuxrat Aliyev ham so‘zga chiqib, oila - muqaddas dargoh ekanligi, oilada uning har bir aʼzosi o‘z munosib o‘rni va ulkan masʼuliyatiga ega ekanligi, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi va ruhiyatida oiladagi muhit eng muhim omil sanalishi bois, ota va onalar birdek javobgar ekanligini unutmasligini taʼkidlab o‘tdi.

Tadbirda viloyatning barcha shahar-tumanlaridan oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolar oqibatida ajrim yoqasiga kelib qolgan 146 ta oilalardagi mavjud muammolar yaqindan o‘rganildi. Ajrim holatlarining asl sabablarini o‘rgangan holda ularning oldini olish choralarini ko‘rish bugun har bir rahbarning kun tartibidagi asosiy masalaga aylangani aytib o‘tildi.

Jumladan, bu borada viloyat bo‘ylab 3-sektor masʼullari zimmasiga ham qator topshiriq va vazifalar yuklangan bo‘lib, doimiy rejali ishlar olib borilmoqda.

Tadbirda jamiyatda oilaviy qadriyatlarni yana-da mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, aholi va yoshlar o‘rtasida nikoh va oila huquqi, oila aʼzolarining maʼnaviyati va maʼrifatini yuksaltirish hamda ajrim yoqasidagi oilalar bilan ishlash tartibi, ajrimlarning farzand tarbiyasi va ruhiyatiga salbiy taʼsiri to‘g‘risidagi mazmunli fikr-mulohazalar bildirildi.

Maʼsullar ishtirokida olib borilgan keng ko‘lamli tushuntirish va targ‘ibotlar natijasida tadbir yakunida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan ajrim yoqasidagi 28 ta oila o‘z xatosini tushunib yetganligi bois shu joyning o‘zida yarashtirildi.

Shuningdek, maishiy tusdagi nizolar oqibitida murosaga kela olmayotgan 52 ta oiladagi 104 nafar shaxsga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘icha tegishli chora-tadbirlar belgilandi

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech