30 Sentyabr 2024 yil 2454

“1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Normurodovich Tursunovning bayram tabrigi

Avvalo, barcha ustoz va murabbiylarni shu jumladan, ichki ishlar organlarida bir necha yillar sadoqat bilan xizmat qilib, bugungi kunda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni mard, jasur, professional kadrlar bo‘lib yetishishida jonbozlik ko‘rsatayotgan aziz faxriylarimizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan samimiy muborakbod etaman.

Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O‘qituvchilar esa hayotimiz charog‘bonlaridir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga muallimlar taʼlim va tarbiya berishgan.

Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan eʼzoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi.

Hayot bor ekan, o‘qituvchilik, murabbiylik kasbi o‘zining maʼno-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning "Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi", —degan so‘zlari fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

Biz shu qutlug‘ ayyomni keng nishonlar ekanmiz, Sizlarning yosh avlodga bilim berish va tarbiyalashdek murakkab, ammo sharafli mehnatingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildirishni o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.

Qadrli ustozlar!

Bugungi kunda, mamlakatimizda bilimli va isteʼdodli, hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada, Siz fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarning zahmatli mehnatingiz har qancha maqtovga loyiq.

Hurmatli ustozlar!

Farzandlarimizga zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar asoslarini o‘rgatish, yuksak insoniy tuyg‘u va fazilatlarni singdirish, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va mahoratingizni ayamasdan astoydil xizmat qilishingizga ishonamiz.

Siz borsizki, hayotimiz nurafshon, ertangi kunimiz — farzandlarimizdan ko‘nglimiz to‘q. O‘zbekiston farzandlari chehrasidagi nur — bu tinchlikning nuri. Ozod diyorimizdagi ana shu osuda, farovon hayotimizga ko‘z tegmasin. Siz o‘quvchi va talabalaringiz huzuriga hamisha chehrangizda ishonch va tabassum bilan kirib boring!

Sizlarni barcha ustoz va murabbiylarni, ichki ishlar organlarining ustozlik maqomiga ega fidoyi faxriylarini “1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!

Text to speech