5 Noyabr 2021 yil 541

“25 oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan Buxoro «Yoshlar markazi» da tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda o‘z hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrashdek ezgu va oliyjanob ishga bag‘ishlagan mard va jasur, haqiqiy vatanparvar yurt posbonlari shaʼniga samimiy tilaklar bildirildi.

Shuningdek, o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan fidoyi xodimlarning xotirasi cheksiz ehtirom ila yod etildi.

Tantanada viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev so‘zga chiqib, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi bilan bugun tizimda amalga oshirilgan ulkan islohotlar natijasida yangi O‘zbekistonning yangi Ichki ishlar organlari yaratilganligini taʼkidladi.

Bayram munosabati bilan muhtaram Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondashib, hamkasblariga namuna bo‘lib kelayotgan 1 nafar xodim “Shuhrat” va 1 nafar xodim “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganligi, shuningdek Respublika ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik tanlovlarda “Eng yaxshi profilaktika inspektori” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi profilaktika inspektori, “Eng namunali maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” ko‘k tanlovida birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi “Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” hamda Futbol bo‘yicha Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqalarida shohsupaning eng baland pog‘onasini zab etgan Ichki ishlar boshqarmasi terma jamoasi alohida eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan rag‘batlantirish tariqasida 3 nafar xodimga “podpolkovnik”, 1 nafar xodimga “mayor” va 2 nafar xodimga “leytenant” maxsus unvonlari, shuningdek, 22 nafar xodimlar Ichki ishlar vazirligining turli idoraviy ko‘krak nishonlari, faxriy yorlig‘i hamda pul mukofotlari bilan taqdirlangan bo‘lsa, 3 nafar faxriy xodimlarimiz Ichki ishlar vazirligining “Faxriy xodim” ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rilib, ushbu mukofotlar tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi.

Bayram munosabati bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan 1.445 nafar xodimlar va 56 nafar erkin yollangan ishchi xizmatchilarga pul mukofoti berildi.

Tantanali tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nozim Xolmurodov va viloyat prokurori Maxmud Istamov ham so‘zga chiqib, qutlug‘ bayram bilan barcha xodimlarni samimiy muborakbod etib, bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlarini “Tashakkurnoma”, “Faxriy yorliq” hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladilar.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, viloyat hokimining qarori bilan Ichki ishlar organlari moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida sal kam 400 mln. so‘mlik zamonaviy texnika vositalari olib berildi.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Axmedova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ashula va raqs ansambli, O‘zbekiston Filarmoniyasi Buxoro bo‘limi xonanda va raqs dastalarining ichki ishlar organlari xodimlari va Vatanni madh etib kuylagan kuy-qo‘shiqlari hamda raqslari, Ichki ishlar boshqarmasi Maxsus otryadi hamda IIV Buxoro Akademik litseyi jamoasining chiqishlari bayram tadbiri ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat, tantanaga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

Text to speech