29 Mart 2022 yil 481

Akademik Ibrohim Mo‘minov tug‘ilib o‘sgan Shofirkonning "Tezguzar" mahallasi o‘z kutubxonasiga ega bo‘ldi.

Bugun falsafa, tarix, maʼnaviyat sohalarida bezavol maktab yaratgan akademik Ibrohim Mo‘minov tug‘ilib o‘sgan qadim Tezguzar qishlog‘ida yana bir xayrli tashabbusga qo‘l urildi.

Mamlakatimizda kitob va kitobxonlik maʼnaviyatimizning ajralmas qismi sifatida keng quloch yozayotgan, joylarda tashabbuskorlar saʼy-harakati bilan kutubxona va kitob do‘konlari tashkil etish o‘ziga xos yaxshi anʼanaga aylanib borayotgan shu kunlarda Tezguzar mahallasida o‘z faoliyatini boshlagan “Mahalla kutubxonasi” ham ana shunday xayrli tashabbus samarasidir.

Joriy yilning 14 fevral kuni Xalq deputatlari viloyat Kengashining 50 sessiyasida, kengash deputati O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymonov tomonidan "Tezguzar" mahallasida kutubxona tashkil etish taklifi berilgan edi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev nazorati ostida ushbu kutubxona uchun mahalla guzarida alohida xona ajratilib, kitob javonlari joylashtirildi va kitoblar bilan to‘ldirildi. Shuningdek, tuman hokimligi ziyo maskaniga zamonaviy kompyuter jamlanmasini ham tuhfa qildi. 

Bugun, joriy yilning 29 mart kuni ushbu ziyo maskanining ochilish marosimida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev, tuman hokimi Jamshid Sharopov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymonovlar ishtirok etib, so‘zga chiqdilar.

Mamlakatimizda ommaviy kitobxonlikni keng tag‘ib etish, ayniqsa, yosh avlod qalbida kitobga muhabbat uyg‘otishda amalga oshirilayotgan islohotlar, xayrli tashabbuslar mohiyatida yurt koriga yarashni, xalqqa xizmat qilishni muqaddas burchi deb biladigan, Vatanni chinakamiga sevuvchi, uning shaʼn-u shavkatini yuksaklarga ko‘taruvchi avlodni tarbiyalashdek ezgu vazifa maqsad qilingani alohida taʼkidlandi.

Mahalla kutubxonasi uchun viloyat IIB, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan 2 ming 500 dona turli kitoblar hudud yoshlari, qolaversa, shu yerlik aholi uchun ziyo manbaiga aylanishi shubhasiz.

Text to speech