31 Avgust 2021 yil 2458

BAYRAM TABRIGI...

Assalomu alaykum

Hurmatli hamkasblar hamda aziz faxriylar!

Avvalo, Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi bayrami munosabati bilan ichki ishlar organlarining barcha xodimlarini, aziz faxriylarini hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini samimiy tabriklayman.

Maʼlumki, Xalqimiz necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilib, intilib yashagan va XX asr so‘nggida erishgan, mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk, olamshumul voqea — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi eʼlon qilinganligiga o‘ttiz yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan muhtaram Yurtboshimiz tomonidan 2020 yil 17 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida” 4926-sonli qaror imzolanib, bu qutlug‘ bayramni «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» shiori ostida o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Bugungi kunda jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.

Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – "Uchinchi Renessans" davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Zero, mustaqillik yillarida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi o‘zining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi, og‘ir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.

Ushbu taraqqiyot yillarida, muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida barcha sohalarda bo‘lgani singari, ichki ishlar tizimida ham bir qator o‘zgarishlar amalga oshirilib, unda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash eng asosiy vazifa qilib belgilab berilganligi barchamizga alohida masʼuliyat yuklaydi.

Muhtaram Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin – deya taʼkidlangan ezgu g‘oya bejiz emas. Aynan shu talab, sohamizda amalga oshirilgan va davom etib kelayotgan islohotlarning asosi va maqsadi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Butun dunyoda bo‘lib turgan pandemiya sharoitida, o‘z hayotini Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishni o‘zining professional burchi deb biladigan azmu-shijoatli xodimlarimizning fidokorona mehnatlari alohida eʼtirofga sazovor.

Shu bois bugun, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada bajarishimiz uchun har bir ichki ishlar organi xodimi fidoyilik, vatanparvarlik bilan bor kuch va g‘ayratini safarbar etishi lozim.

Shularning barchasi bizga bildirilayotgan ishonch va eʼtiborning yuksak namunasidir.

Qadrli hamkasblar,

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, uzoq-umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.

Yurtimizda jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar tilayman.

Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Text to speech