Buxoro shahrida bir kunda to‘rtta fohishaxona fosh etildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida Farmoyishi asosida viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar, xususan teri tanosil, OIV hamda OITS kasalliklarining tarqalishi, shuningdek, axloq-odob doirasidagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini issiq izidan fosh etish hamda bu sohadagi jinoyatlarga qarshi keskin kurashish maqsadida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda “Oriyat” maxsus tezkor profilaktik tadbiri harakatga keltirilgan.
“Buxoro viloyati hududida fohishaxona saqlash bilan bog‘liq jinoiy holatlarni oldini olish va unga qarshi kurashish” borasida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirlar davomida fohishaxona tashkil qilish bilan bog‘liq bir nechta jinoiy holatlarga chek qo‘yildi.
Jumladan, Buxoro shahar “Pridastgir” mahallasida yashovchi 1967-yilda tug‘ilgan M.Z. ismli ayol o‘zi ishlab kelayotgan Buxoro shahar Poyi Ostona ko‘chasida joylashgan “Bilolxo‘ja” nomli uy mehmonxonasida fuqarolar Q.O‘. va Q.I. larning jinsiy aloqada bo‘lishlari uchun alohida xona ajratib, shart-sharoit yaratib berib, buning evaziga 200.000 so‘m miqdoridagi pullarni olib, g‘arazli va boshqa past niyatlarda fohishaxona tashkil qilgan.
Ikkinchi holatda esa Buxoro tumani “Q.Mahmud” mahallasida ro‘yxatda turuvchi 1992-yilda tug‘ilgan Sh.Z. ismli ayol o‘zi istiqomat qiladigan Buxoro shahar T.Farog‘iy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonida g‘arazli va past niyatlarda, moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida Y.R. ni P.A. bilan jinsiy aloqa qilishi uchun alohida xona ajratib berib, buning evaziga 100.000 so‘m olib, fohishaxona tashkil etgan.
Navbatdagi xuddi shunday holatda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida ro‘yxatda turib, Buxoro shahar T.Farog‘iy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda vaqtinchalik yashab kelayotgan, 1980 yilda tug‘ilgan O.D. ismli ayol fuqarolar R.D. va Q.F. larning jinsiy aloqada bo‘lishlari uchun alohida xona ajratib, shart-sharoit yaratib berib, buning evaziga 200.000 so‘m miqdoridagi naqd pullarni olib, g‘arazli va boshqa past niyatlarda fohishaxona tashkil qilgan.
Shuningdek, Shofirkon tumani “Quyi Chuqurak” mahallasida ro‘yxatda turib, Buxoro shahar I.Karimov ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda ijarada yashab kelayotgan, 1997 yilda tug‘ilgan H.D. ismli ayol g‘arazli va past niyatlarda, moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida S.M. va R.M. larni qo‘shmachilik yo‘li bilan topib berib, ularning jinsiy aloqa qilishlari uchun joy ajratib berib, 400.000 so‘m olib, fohishaxona tashkil qilgani aniqlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 131-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi jinoiy holatlarni oldini olish va sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni issiq izidan fosh etish borasidagi tezkor hamda profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.