“Intizom oyligi” doirasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi tezkor yig‘ilish o‘tkazildi
Bugun, 20-iyun kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi majlislar zalida, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, Ichki ishlar bo‘lim va bo‘linma boshliqlari va masʼul xodimlar ishtirokida muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev olib borib, quyidagi masalalar:
• joriy yil iyun oyining 20 kunida sodir etilgan jinoyatlar tahlili, joylarda Buxoro tajribasi asosida shakllantirilgan yig‘ma otryadlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari;
• navbatchilik qismlari faoliyati, ariza va shikoyatlarni qayd qilish va ijrosini taʼminlashning ahvoli, murojaatlar bilan ishlash sohasida joylarda o‘tkazilgan tekshiruv yakunlari;
• 3-sektorlar faoliyati, 6 oy davomida sektorga qarashli hududlarda amalga oshirilgan ishlar tahlili va prognozlari;
• xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikga rioya etilishini taʼminlash borasida “Intizom oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu yo‘nalishda belgilab berilgan vazifalar birma-bir muhokama qilindi.
Ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan shahar va tumanlarga viloyat ichki ishlar boshqarmasidan masʼul etib biriktirilgan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, Jinoyat qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jamoat tartibini saqlash va Tashkiliy boshqarmalari rahbarlari, shahar va tumanlar ichki ishlar organlarining boshliqlari va tegishli sohaviy xizmatlar masʼullariga aniq va manzilli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan barcha sohaviy xizmatlar, hududiy ichki ishlar organlari rahbar va masʼul xodimlari qattiq ogohlantirilib, ijrochilik intizomiga qatʼiy rioya qilishlari, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etishlari lozimligi, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko‘rsatib, qo‘l ostidagi xodimlarga shaxsiy namuna bo‘lgan holda xizmatni tashkil etishlari taʼkidlandi.