Buxoro viloyati mahallalari obodligi yo‘lida
Xalq deputatlari viloyat Kengashining “Buxoro viloyati mahalliy byudjetining 2021-yil ijrosi hamda joriy yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablag‘larini yo‘naltirish to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan viloyat hokimining farmoyishiga binoan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan hududlardagi tuproq yo‘llarini shag‘allashtirish tadbirlari belgilangan.
Hozirda mazkur hujjat ijrosi doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Ushbu ishlar samaradorligini ko‘zdan kechirish maqsadida viloyat sektor rahbarlari hududlarda bo‘lishdi.
Birgina Kogon hamda Peshko‘ tumanlarini oladigan bo‘lsak, Kogon tumanining “Tun Iroq” mahallasi, Taytal qishlog‘ida 2,7 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Ushbu ishlarga jami bo‘lib, 35 ta yuk avtomashinasi jalb qilingan. Shu hududga tutash Arabxona qishlog‘ida 0,9 km va “Beklar” mahallasida esa 1,1 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi.
Peshko‘ tumani “Zandani” mahallasi, Olong qishlog‘ining 1,3 km, shuningdek “Do‘stlik” mahallasining 1,8 km ichki yo‘llari shag‘allashtirildi. Ushbu ishlarga 40 dan ortiq yuk avtomashinasi jalb qilindi.
Umumiy viloyat bo‘yicha jami 422,6 km shag‘allashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 46,43 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. MAzkur tadbirlarga 500 dan ortiq texnikalar jalb qilindi.
Maʼlumot o‘rnida: mahallalarda davom etayotgan shag‘allashtirish ishlarida Buxoro viloyati IIB xodimlari ayniqsa, IIB JXX YHXB xodimlari alohida jonbozlik ko‘rsatib, hududlar obodligiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.