Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida "Namunali oila" ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi
“Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” g‘oyasini tatbiq etish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, dunyoqarashi va maʼnaviyatini yuksaltirish, ibratli oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirishni maqsad qilgan “Namunali oila” ko‘rik-tanlovida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining barcha sohaviy xizmatlari hamda hududiy organlarida xizmat qilib kelayotgan namunali oilalar sohib va sohibalari bo‘lgan xodimlar o‘z oila aʼzolari bilan jamoa bo‘lib qatnashdilar.
Tantanada so‘z olganlar yurtimizda oilalarning mustahkam bo‘lishi uchun yaratilayotgan sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan jami 7 nafar xodimning oila aʼzolaridan tarkib topgan jamoalar 3 shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Ishtirokchilar “Tanishtiruv” shartida o‘zlarining oilasi to‘g‘risida ijodiy yondashib maʼlumot bergan bo‘lsalar, "Bu mening oilam" shartida xodimlar o‘zlari tomonidan tayyorlangan oilaviy foto va video slaydlarni namoyish etdilar. "Biz kitobxon oilamiz" shartida esa ishtirokchi xodimlarning oilasida kitob mutolaasiga qay darajada eʼtibor berilgani aniqlab olindi.
Ko‘rik-tanlov shartlarini bajarish davomida ishtirokchi xodimlar va ularning oila aʼzolari o‘z isteʼdod va ijodiy qobiliyatlarini namoyish etdilar.
Oilalarning belgilangan shartlar bo‘yicha tayyorgarligi hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi. Shartlar so‘ngida oilaviy jamoalarga qo‘yilgan umumiy balllar hisoblandi.
G‘oliblarga boshqarmaning diplom, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari topshirildi.
Bu kabi tadbirlar oilaviy qadriyatlarni saqlashga, baxt qo‘rg‘onining yana-da mustahkam bo‘lishini taʼminlashga va boshqa oilalarga hayotiy tajriba sifatida xizmat qiladi.