Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunovning navbatdagi o‘rganishlari viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumanida o‘tkazildi
Bugungi kunda Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida Davlatimiz rahbarining "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-sonli Qarori ijrosini taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov mazkur ishlarning surʼati bilan yaqindan tanishish maqsadida G‘ijduvon tumanida bo‘ldi.
Tumanning Baqqollar MFY da o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida mahallaning ichki yo‘llarida harakat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida barpo etilayotgan “Xavfsiz ko‘cha” va “Xavfsiz yo‘lak” loyihalari doirasida olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i tumanning Oqrabot mahallasida bo‘lib, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari tomonidan mahalla hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash, aholini qiynab kelayotgan tizimli muammolarni hal etish, "Raqamlashgan, obod va xavfsiz mahalla" tamoyili asosida olib borilayotgan keng ko‘lamli tozalash-obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash, bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.
Jarayonda davlatimiz rahbarining "Kambag‘allikdan farovonlik sari" Dasturi, shuningdek, “Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tumanlari tajribalari asosida aholining doimiy daromad manbaini oshirish, bir ko‘cha bir mahsulot tamoyili asosida mahalla drayverini yaratish, xonadonlarning tomorqalaridan unumli foydalanish madaniyatini oshirish, pirovardida ishsiz va migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarimizni doimiy va daromadli ish bilan taʼminlash yuzasidan masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish, yangi bog‘lar yaratish, fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlarida, bog‘ va tokzorlarda bahorgi agrotexnik tadbirlarni olib borish, ariq va zovurlarni tozalash, betonlashtirish kabi ishlarni bajarish yuzasidan berilgan vazifalarning ijrosi ham nazorat tartibida o‘rganilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiya va topshiriqlar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.