Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Davron Nazarmuxammedov raisligida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasidagi vazifalar xususida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, videokonferensaloqa tarzida tuman-shahar IIB boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari va sohaviy xizmat boshliqlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda, har bir xodim bugun xalqni rozi qilish yo‘lidagi o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan yondashishi, xizmat intizomiga hamda qonunchilikka rioya qilishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lishi, xizmat vazifasini bajarishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatga taalluqli bo‘lmagan ishlarga aralashmasliklari yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, xizmat mobaynida poraxo‘rlik va taʼmagirlik hamda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatga sovuqqonlik bilan qaragan, vakolat doirasidan chetga chiqqan xodimlarga qatʼiy choralar ko‘rilishi alohida taʼkidlanib, sohadagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muhokamaviy yig‘ilish so‘ngida tashkiliy masala ham ko‘rildi.
Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlangan podpolkovnik Akbar Yusupov shaxsiy tarkibga tanishtirildi. Ushbu lavozimda xizmat qilgan podpolkovnik Umid Utayev boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan uning kuzatuv marosimi o‘tkazildi.