8 Dekabr 2023 yil 1216

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i M.Y.Miralimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi

Hurmatli hamkasblar!

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan ichki ishlar organlarining barcha xodimlarini, aziz faxriylarini hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini samimiy tabriklayman.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi xalqimizning ko‘p yillik orzu-intilishlarini, mustaqil davlatchiligimizning huquqiy asosini o‘zida mujassam etgan oliy hujjat sifatida barchamiz uchun qadrlidir.

Asosiy qonunimiz bo‘lgan Konstitutsiya mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda yurtimizning dunyoda munosib o‘ringa ega bo‘lishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Joriy yilgi bayram o‘z ko‘lami, tarixiy ahamiyati bilan yana-da yangicha shukuh va tarovat kasb etmoqda. Xabaringiz bor, joriy yil 30 aprel kuni mamlakatimiz hayotida birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik. Referendumda qatnashgan fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb g‘urur bilan ovoz berdi. Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati naqadar yuksalganini amalda ko‘rsatdi.

Yangi Konstitutsiya orqali har bir insonning shaʼni va qadr-qimmati huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Yurtimizning insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi huquqiy asoslandi. Xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga to‘kinlik va qut-baraka tilayman.

Ushbu ulug‘ va qutlug‘ sana munosabati bilan barchalaringizga, Konstitutsiya va qonunlarimizning so‘zsiz bajarilishini taʼminlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, mustaqil Vatanimizning porloq kelajagini mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan sharafli va mashaqqatli ishlaringizga ulkan zafarlar tilab qolaman.

Text to speech