Buxoroda IIB Tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi tibbiy hamshirasi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi
Ichki ishlar organlarida keng miqyosda o‘tkazilayotgan “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida Ichki Ishlar Vazirining joriy yil 29 avgust kunidagi tegishli buyrug‘i asosida Buxoro viloyat IIB Davolash profilaktika muassasalari Tibbiyot bo‘limi xodimlari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi tibbiy hamshirasi” ko‘rik tanlovining hududiy bosqichi tashkil etildi.
“Yilning eng yaxshi tibbiy hamshirasi” ko‘rik tanlovida viloyat IIB Davolash profilaktika muassasalari tibbiyot bo‘limi o‘rta tibbiy xodimlaridan bilimli, kasbiy malakasi shaxsiy sifatlari bilan ajralib turadigan, mehnat faoliyati davomida boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 5 nafar hamshiralar bellashdi.
Bunda, tibbiyot xodimlarini maʼnaviy rag‘batlantirish, o‘z kasbining yetuk mutaxassislarini aniqlash va ularni eʼtirof etish, kasbiy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish, bemorlar bilan muloqotda madaniyatini mustahkamlash, intellektual va professional salohiyatini oshirish, ularda tashabbuskorlik, yetakchilik fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirish maqsad qilingan tanlov ishtirokchilari 4 ta shart asosida o‘z bilim va mahoratlarini namoyon qilishdi.
Xususan, ular dastlab “tanishtiruv” shartini bajarib, so‘ngra savollarga javob berish orqali sohaviy va maʼnaviy-maʼrifiy ish faoliyatida qo‘llaniladigan vazifalarni amaliy bajarishi orqali bilim darajalari sinovdan o‘tkazildi. “Erkin mavzu” shartida esa hamshiralar iqtidor va isteʼdodlarini namoyon etdi. Har bir shartning bajarilishi hakamlar tomonidan adolatli va shaffof baholab borildi.
Ko‘rik tanlov yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli birinchi o‘rinni Dilorom Zaripova, ikkinchi o‘rinni Feruza Urakova va uchinchi o‘rinni Malohat Xodjayeva egallagan bo‘lsa, tibbiy hamshiralar Dildora Islomova hamda Raʼno Narziyevalar faol ishtiroki uchun alohida eʼtirof etildi.
Tanlov g‘oliblari viloyat IIB tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan munosib taqdirlandi.