23 Sentyabr 2021 yil 629

Burchiga sodiq o'g'lon

Buxoro viloyati IIB patrul-post xizmati batalyoni 1-otryad boʻlinma komandiri, serjant Shuhrat Roʻziyevning kasbiga sadoqati va zimmasidagi vazifalarga munosabatini koʻpchilikka ibrat qilsa arziydi.

U uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilgan otasi, isteʼfodagi mayor Muxtor Roʻziyevning izidan borib, sharafli kasbni tanladi. Xizmatni boshlagan dastlabki kunlardan topshirilgan har bir vazifaga sidqidildan yondashishi, intiluvchanligi, oʻziga xos talabchanligi bilan hamkasblari hurmatiga sazovor boʻldi.

Ustozi, isteʼfodagi serjant Ilyos Norov hamda otasining ishonchini oqladi. Yigirma yildirki, oʻz faoliyatini oddiy xodimlikdan boshlab, boʻlinma komandirligigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan serjant Sh. Roʻziyev shu yillar ichida koʻplab jinoyatlarni “issiq izida” fosh etdi, yana bir qancha sodir etilishi mum-kin boʻlgan jinoyatlarning oldini olishga samarali hissa qoʻshdi.

Uning fidoyiligi rahbariyat tomonidan munosib ragʻbatlantirib kelinyapti. Ayniqsa, u boshchilik qilayotgan boʻlinmaning Buxoro shahridagi «Moxixossa», “Otbozor” va «Sheyxoncha» mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida, ayniqsa, Karvon bozor hamda Buxoro avtoshohbekatida tunu kun olib borayotgan xizmatlari bois jinoyat va huquqbuzarlik holatlari ancha kamaydi.

Qahramonimiz topshiriqlarni oʻz vaqtida va sidqidildan bajarishga odatlangan, boʻlinmadagi xodimlardan ham shuni talab qiladi.

Qolaversa, shogirdlari ham unga oʻxshashga intilishyapti. Bunday xodimlar ichki ishlar organlarining faxridir. Har ishda namuna boʻlayotgan xodimning xizmat faoliyatidan ayrim misollar keltirsak. Bundan uch yil ilgari, ayni bahor faslida Karvonbozor avtoturargohida “Damas” avtomashinasining ballonini yechib olib ketayotgan kishini ushlab oldi. Soʻng surishtiruv jarayonida u shaxs ilgari ham oʻgʻrilik qilib, ayni paytda qidiruvda ekanligi maʼlum boʻldi.

Serjant Sh.Roʻziyev tungi xizmat paytida hududini aylanib yurgan edi. Samarqand darvoza hududidan oʻtayotganda shirakayf bir fuqaroga duch keldi. Mast kimsa uni koʻrib qochmoqchi boʻldi, ammo ulgurolmadi. Shuhratjon ikki hatlab, uning yoʻlini toʻsdida, ushladi. Soʻng xolislar ishtirokida shubhali kishining yonini tekshirdi.

Buni qarangki, uning yonidan 0,6 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasi chiqdi.

Serjant Shuhrat Roʻziyev yosh xodimlarga murabbiylik qilib kelmoqda. Uning tarbiyasini olgan xodimlar talaygina. Ular ustozidan ibrat olib, xizmatda yuqori natijalarga erishishyapti.

Yurt tinchligi, xalq osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli ishga munosib hissa qoʻshayotganlar hamisha davlatimiz eʼtiborida.

Serjant Shuhrat Roʻziyev ham koʻp yillik xizmati uchun bir necha marotaba viloyat IIB va vazirlik tomonidan faxriy yorliqlar, qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan edi.

Mustaqilligimizning shonli 30 yilligi arafasida esa Prezidentimiz farmoniga binoan, “Sodiq xizmatlari uchun” medaliga sazovor boʻldi.

Mirzoqul Ahadov, “Postda” muxbiri. Buxoro viloyati.

Text to speech