18 Noyabr 2022 yil 658

Buxoro: Boshqarma boshlig‘i jinoyatlar salmog‘i yuqori bo‘lgan “qizil” toifali mahallalarda o‘rganishlar ishlarini davom ettirdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha joriy yilning 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan alohida chora-tadbirlar rejasi va yo‘l xaritasi ishlab chiqilib ijroga qaratilgan edi.

Ushbu yo‘l xaritasida belgilab olingan vazifalardan biri bo‘lgan viloyat miqyosida jinoyatlar salmog‘i yuqori bo‘lgan, kriminogen vaziyati og‘ir 17 ta “qizil” toifadagi mahallalar alohida ajratib olinib, ushbu mahallalarga  jinoyatchilikni barvaqt oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda viloyat hamda shahar va tumanlar ichki ishlar organlarining malakali va yuqori tajribaga ega bo‘lgan rahbar xodimlari biriktirildi va manzilli ishlar olib borildi.

Avval xabar berganimizdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev ana shu mahallalarga birma-bir borib, o‘rganish ishlarini olib borayotgan edi. Navbatdagi o‘rganishlar, bugun 18 noyabr kuni Romitan tumanining “Afrosiyob”, Peshku tumanining “Yangibozor” va “Guliston”, Shofirkon tumanining “A.Navoiy” va “Do‘rmon”, shuningdek, G‘ijduvon tumanining “Chorsu” va “Sharq” mahallalarida o‘tkazildi. Bunda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ushbu tumanlar masʼullari, mahallalarga biriktirilgan viloyat hamda tuman ichki ishlar organlarining rahbar xodimlari ishtirokida hududlarda jinoyatlarni barvaqt oldini olishga doir amalga oshirilgan ishlarni o‘rganib, tanqidiy muhokama qildi.

O‘rganish davomida boshqarma boshlig‘i har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tumanlar hamda mahallalar masʼul rahbarlariga jinoyatlarni jilovlash, profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish yuzasidan qator ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Text to speech