15 Aprel 2022 yil 491

Buxoro davlat universitetining filologiya fakulteti birinchi bosqich talabalari viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “Jasorat” tarixiy muzeyida sayohat qilishdi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tashabbusi bilan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi tadbirlar doirasida bugun, Buxoro davlat universiteti “Filologiya” fakulteti birinchi bosqich talabalarining navbatdagi sayohat darsi zamonaviy uslubda tashkillashtirilib, Ichki ishlar boshqarmasining “Jasorat” tarixiy muzeyida o‘tkazildi.

Sayohat davomida talabalarga viloyat Ichki ishlar organlari tizimining qadimgi davlatchilik tarixi davridan boshlab, bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, jamoat xavfsizligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilgan fidoyi xodimlar, xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik namunasini ko‘rsatib halok bo‘lgan xodimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar, o‘tgan har bir davrning voqea hodisalarini o‘zida mujassam qilgan ko‘rgazmalar, jangchi, soqchi, mirshab va militsionerlar hamda ular foydalangan qurol aslahalar bilan tanishdilar.

Shuningdek, talabalar mustaqillik davrida ichki ishlar organlarining rivojlanish tarixi, ayniqsa so‘ngi besh yil davomida amalga oshirilgan islohotlar natijalari namoyon bo‘lgan ko‘rgazmalarni birma-bir ko‘zdan kechirdilar.

Mazkur dars sayohati talabalarda ijobiy taassurot qoldirdi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi IIV Buxoro Akademik litseyi qoshida tashkil etilgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi “Jasorat” tarixiy muzeyi yurt ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shaman degan har bir yigit qizning sevimli maskaniga aylanib bormoqda.

Text to speech