Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlari hududida ko‘plab o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir qilgan jinoiy guruh kirdikorlari fosh etildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari tomonidan viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarimizning hayoti va mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan saqlash, borasida keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Alohida eʼtibor, jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi jinoyatchilarni ushlash, korrupsiya, iqtisodiy, axborot texnologiyalar sohasidagi hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining g‘ayriqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlarga qaratilib, jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyat hududida joriy yilning 2 oyi davomida 77 ta o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilgan bo‘lib, ochilmay qolgan jinoyatlarni fosh etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Buxoro viloyatining Qorako‘l, Olot, Romitan, Vobkent, Peshku va Kogon tumanlari hududida sodir bo‘layotgan suv tortish nasosi va transformator o‘g‘riliklarini fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu turdagi o‘g‘riliklarni sodir qilib kelayotgan jinoiy guruh fosh etildi.
Jumladan: Kogon tumani “Kogon” mahallasida joylashgan fuqaro G‘.A. ga qarashli fermer xo‘jaligi dala maydonidan bir dona bahosi 11.500.000 so‘mlik “dala maydonlarini tomchilatib sug‘orish”ga mo‘ljallangan “Transformator”ni nomaʼlum shaxslar o‘g‘irlab voqea joyidan yashiringanligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxslar qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu jinoyatning tashkilotchisi 1995 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba o‘g‘irlik jinoyati bilan sudlangan, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi D.A.jinoiy sherigi hamqishlog‘i 1989 yilda tug‘ilgan S.A. (vazifasi bajaruvchi) va o‘zining Neksiya rusumli avtomashinasida haydovchilik rolini bajargan 1995 yilda tug‘ilgan yana bir Pastdarg‘omlik T.O‘. bilan oldindan jinoiy til biriktirib sodir qilgan.
Jinoiy guruh aʼzolari bilan olib borilgan tezkor surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda tergov harakatlari davomida jinoiy guruh tashkilotchisi D.A. Buxoro viloyatining Qorako‘l, Olot, Romitan, Vobkent, Peshku va Kogon tumanlari hududidan suv tortish nasosi (elektrodvigatel) va transformatorlarni o‘g‘irlab, o‘g‘irlangan buyumlarni 1976 yilda Samarqandning Oqdaryo tumanida yashovchi R.Sh. ismli shaxsning yuk avtomashinasini buyurtma qilgan holda viloyatdan olib chiqib ketib, Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro S.D. ga sotganligi aniqlandi va ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida olindi.
Shuningdek, sotib oluvchi fuqaro S.D. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoiy guruh aʼzolari tomonidan unga sotish uchun berilgan yana bir nechta suv nasoslari gumon qilinib olib qo‘yildi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, jinoiy guruh aʼzolari ijaraga olgan Kogon tumani Hukumatobod mahallasi Sabiyon qishlog‘idagi uy ko‘zdan kechirilganda, viloyatning Romitan va Qorako‘l tumanlari hududidan o‘g‘irlangan 3 ta tomchilatib sug‘orish qurilmalari dvigatellari ham hujjatlashtirib olindi.
Bundan tashqari jinoiy guruh tomonidan Peshku tumanining Afshona qishlog‘idagi qabriston yonidan o‘g‘irlab ketilgan 5 dona dvigatellar Toshkent shahrida yashovchi S. ismli shaxsga sotib yuborilganligi aniqlangan va hozirda daliliy ashyolarni hujjatlashtirib olish choralari ko‘rilmoqda.
Gumon qilinuvchilar bilan olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida jinoiy guruh aʼzolarining Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida sodir qilgan 10 ga yaqin o‘g‘rilik jinoyatlari to‘g‘risida tezkor maʼlumotlar olinib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aniqlangan holatlar tegishli tartibda qayd etilib, Kogon tumani Ichki ishlar boʻlimi huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan holda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.