Buxoro shahrida bir necha fuqarolarni chuv tushirgan ustomon ayol qo‘lga olindi.
Buxoro shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, shaharning Mustaqillik ko‘chasida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan Q.M. ismli ayol tibbiyot sohasidagi vakolatli tanishlari orqali o‘zga bir ayolni viloyat onkologiya kasalxonasiga ishga joylashtirib qo‘yishni vaʼda qilib, joriy yilning sentyabr oyida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 500 AQSH dollaridan, ishni hal eta olmagach 400 AQSH dollarini Karvon bozor yonida qaytarib berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida, gumon qilinuvchi Q.M. joriy yilning avgust va sentyabr oylarida viloyat onkologiya va yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ishga kiritib quyishni vaʼda qilib, yana bir necha fuqarolar M.B. va Sh.S. dan 700 AQSH dollaridan, F.Sh., A.F., M.I. va M.Sh. lardan 500 AQSH dollaridan, K.B. dan 300 AQSH dollari hamda F.J. dan 800 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi ham maʼlum bo‘ldi.
Hozirgi kunda holat yuzasidan Q.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.