Buxoro shahrida giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib yurgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.
Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan olingan tezkor xabarnoma asosida o‘tkazilgan “Qoradori-2021” tadbiri davomida joriy yilning 3 sentyabr kuni soat 22:30 larda Buxoro shahar Turkiy Jandiy mahallasi Abdulla To‘qay ko‘chasida piyoda harakatlanib ketayotgan Buxoro shahar Mahmud Tarobiy ko‘chasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan M.S. ismli shaxs to‘xtatilib, xolislar ishtirokida yonlari ko‘zdan kechirilganda, uning ustki kiyimi chap cho‘ntagidan 2 dona polietilen paketga o‘ralgan Buxoro viloyati IIB Ekspert kriminalistika bo‘limining sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra sof vazni 0,31 grammga teng bo‘lgan ozginadan ko‘proq miqdordagi “GASHISH” giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan M.S. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 25, 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Gumonlanuvchi M.S. o‘z ko‘rsatmasida ushbu giyohvandlik moddasini “B” ismli tanishidan 50 AQSH dollariga sotib olganligini bildirgan.
Uning ko‘rsatmasi asosida “B” ismli shaxsni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilib, natijada 1991 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Buxoro shahrida yashovchi B.M. ismli shaxs qo‘lga olingan.
B.M. giyohvandlik moddasini “D” ismli shaxsdan sotib olganligini bildirib ko‘rsatma bergan va uning ko‘rsatmasi asosida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda Buxoro shahar Turdi Farog‘iy ko‘chasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan “D.B.” ismli shaxsdan yana 1.03 gramm “GASHISH” giyohvandlik moddasi hujjatlashtirib olingan.
D.B. bilan olib borilgan surishtiruv va tergov harakatlari davomida “GASHISH” giyohvandlik moddasini “L” ismli tanishidan sotib olganligini bildirgan va uning ko‘rsatmasi asosida 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Buxoro shahar Abdurahmon Jomiy ko‘chasida yashovchi L.L. ham qo‘lga olingan.
Hozirda 4 nafar aʼzolardan iborat mazkur jinoiy guruhning giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan bog‘liq jinoiy hatti-harakatlari yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.