Buxoro tumanida ijtimoiy tarmoq firibgari qo‘lga tushdi.
Buxoro tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2020 yilning 06 dekabr kuni nomaʼlum shaxs aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, Buxoro tumani “Novmetan” mahallasida yashovchi, X.N. ismli ayolning “MEUZU” rusumli qo‘l telefoniga internet tarmog‘ining telegramm sahifasida yaratilgan “Agrobank” logotipi ostida “Siz Agrobank mijozi bo‘lganligingiz uchun, sizga 2.000.000 so‘m miqdorda yutuq chiqdi” degan xabarni yuborib, yutuqni olish uchun plastik karta raqamini so‘ragan.
Shunda jabrlanuvchi X.N. yonida plastik kartasi bo‘lmaganligi sababli hamkasbi Buxoro tumani "Novmetan" mahallasida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan A.N. ismli ayolga tegishli bo‘lgan “Agrobank” tuman filiali tomonidan berilgan plastik karta raqami va maxfiy kodini berganidan so‘ng, nomaʼlum shaxs ushbu plastik karta orqali 2.000.000 so‘m miqdorda mikrokredit rasmiylashtirib, plastik karta hisobiga olingan ushbu pullarni yechib olib firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Toshkent shahar Yashnobod tumani "Nodirabegim" ko‘chasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan H.J. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning respublikamiz va viloyatimizning boshqa hududlarida xuddi shu turdagi sodir etilib fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Hech qanday holatda va hech kimga plastik kartangiz raqamini hamda maxfiy kodini maʼlum qilmang.
Oson boylik orttirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinayotgan turli yutuqli o‘yinlar, elektron savdolarda ishtirok etmang!