Buxoro tumanida sodir etilgan mudhish qotillik jinoyati viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan mahallada keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
2021 yilning 28 noyabr kuni soat 06:20 larda Buxoro tumani Xonobod mahallasida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan K.R. tumanning Chorbakr mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan qaynjiyani G‘.t. o‘zaro janjallashib qolib, qaynjiyanining ko‘krak qafasi old yuzasi o‘ng tomoni o‘mrov o‘rta chizig‘i bo‘yicha 3-4 qovurg‘alari o‘rtasiga oshxona pichog‘i bilan urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Natijada G‘.t. kasalxonaga yetib bormasdan vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan K.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi qamoqqa olingan.
Bugun, 29 noyabr kuni Buxoro viloyati prokurori Maxmud Istamov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyevlar tomonidan, tuman sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar masʼullari, tuman faollari, “Xonobod” mahallasi mutasaddilari, ushbu mahallaning profilaktika inspektori, mahallalar hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokamasi o‘tkazildi.
Jinoyatni muhokama qilish jarayonida mahalla mutasaddilari va huquq tartibot maskani profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.
Jinoyat muhokamasida ishtirok etgan masʼullar ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qildilar.
Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, qo‘ni-qo‘shni, er-xotin, aka-uka va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi muammoli masalalarni o‘rganish, ularni bartaraf qilish borasida idoralararo hamkorlikni yana-da kuchaytirish, jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan toifa shaxslar, oilalar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar sifatini oshirishga, hududlarda “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.