16 Avgust 2021 yil 649

Buxoro tumanida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyati qo‘l barmoq izlari yuzasidan o‘tkazilgan kriminalistik tadqiqot natijasida fosh etildi.

Buxoro tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2021 yil 12 avgust kuni soat 09:00 dan soat 14:40 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs, tumanning “Dilobod-Zafarobod” mahallasi “Diosiyo” qishlog‘ida yashovchi G‘.G. ning yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uyining yotoqxonasidan 15 turdagi tillo taqinchoqlarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, jabrlanuvchiga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan kelib tushgan xabar asosida tuman Ichki ishlar bo‘limi tergov-tezkor guruhi tomonidan kechiktirib bo‘lmas surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zda kechirilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tergov harakati davomida voqea joyidan 21 dona qo‘l-barmoq izlari olingan.

Mazkur jinoiy hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan nomaʼlum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Ekspert kriminalistika bo‘limi kriminalistlari tomonidan voqea joyidan olingan 21 dona qo‘l barmoq izlari ustida o‘tkazilgan kriminalistik tadqiqotlar va “Shaxsni avtomatlashtirilgan daktiloskopik identifikatsiya qilish tizimi” orqali tekshiruv o‘tkazilganda, o‘g‘irlik holati sodir bo‘lgan uy yotoqxonasi derazasining singan shishasi yuzasidan ko‘chirib olingan ikki dona qo‘l-barmoq izlari 1991 yilda tug‘ilgan X.A. ismli shaxsning o‘ng qo‘l bosh va nomsiz barmoqlaridan qoldirilganligi aniqlangan.

Daktiloskopik ekspertiza xulosasiga asosan tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-izlov va tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni haqiqatdan ham ushbu X.A. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirgi kunda jinoyat ishida gumon qilinuvchi X.A.ga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech