18 Dekabr 2021 yil 524

Buxoro viloyat Ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan ayol xodimalar uchun qulay sharoit yaratish, ularga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi va farovonligini taʼminlashda Ichki ishlar organlari va uning quyi tizimlarida erkaklar bilan bir qatorda ayol xodimalar ham xalqning chinakam tayanchi va himoyachisi sifatida sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda.

Bunda, ular ishtirokida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining barvaqt oldini olish, jamoat xafvsizligini taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda, ayol xodimalarning oilada farzand tarbiyasi va xizmatda samarali faoliyat olib borishi uchun ularning salomatligi, ruhiy holatini muvofiqlashtirish borasida zaruriy sharoitlar yaratilgan.

Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan shahodatlangan ayol xodimalar ishtirokida yig‘ilish tashkillashtirildi.

Unda IIB Tibbiyot bo‘limi oliy toifali shifokori Gulnora Safarova so‘zga chiqib, ayol salomatligi, bachadon saratonining oldini olish, jumladan, «Sog‘lom ona-sog‘lom bola - sog‘lom jamiyat» shiori ostida olib borilayotgan chora-tadbirlar, bu borada ayollardan o‘z sog‘ligiga befarq bo‘lmasligi, kasallik kelib chiqmasligi uchun eʼtibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida Buxoro shahar ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi psixologi, ezoterik, parapsixolog, “Ayollar energiyasi” bo‘yicha psixokonsultant Dildora Hamidova tomonidan ayol xodimalar bilan “Tilaklar” va “Qarsak” kabi psixologik trening va ongni tozalashga doir meditatsiyalar bajarildi.

Bunda ayollik energiyasi, ayolning ichki va tashqi dunyosi, borliq qonunlari borasida tushuncha berilib, shukronalik mo‘jizalari hamda salbiy va ijobiy fikrlarning natijalari borasida misollar orqali tushuntirilib, xodimalarga bir qator tibbiy va psixologik tavsiyalar berildi.

Yig‘ilish so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligining 2021-yil 24-sentyabr kunidagi 348-son “Ichki ishlar organlarida Xotin-qizlar jamoatchiligi kengashlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i talablari asosida ovoz berish yo‘li bilan viloyat Ishki ishlar boshqarmasi Xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi aʼzolari saylandi va ularning vazifalari, kengash faoliyati, xizmat qonunchiligi, tartib intizom hamda kasb formasi kiyish, odob-axloq qoidalariga rioya qilish to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

Qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvda ishtiroklarga batafsil maʼlumotlar berilib, xodimalarga ijobiy va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Text to speech