21 Aprel 2022 yil 429

Buxoro viloyat IIB boshlig‘i 3-sektorga qarashli G‘ijdivon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni joyiga chiqib o‘rgandi

Mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda hududlarni sektorlar kesimida boshqarish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yoʻlga qoʻyilishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Bu borada, aholini ayniqsa, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan bo‘lib, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va yurt farovonligini taʼminlashda ularning hissasi beqiyosligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda bugun, 21-aprel kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev sektorga qarashli G‘ijdivon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida mas’ullar hamrohligida G‘ijduvon tumanida bo‘ldi.

3-sektor rahbari Shuxrat Aliyev tuman hokimi Sherzod Ashurov bilan birgalikda hududning turli soha va yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, yangi biznes loyiha va rejalar ustida izlanayotgan tashabbuskor tadbirkorlar faoliyatini joyiga chiqib o‘rgandi.

Jumladan, ishlab chiqarilgan mahsulotlari asosan xorijga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan tumandagi “Sarmijon” mahallasida joylashgan “Hidoyat ona tekstil” tikuv sexi hamda “Zarafshon” mahallasidagi “G‘ijdivon chevarlari” MCHJga qarashli gilam to‘qish sexlarida bo‘lib, ularning faoliyati, kelgusidagi rejalari va yangi loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, rahbarlar tumanning “Ko‘shk” mahallasida joylashgan “Shukur To‘xta” fermer xo‘jaligi, “Baraka” mahallasi Quchchi massivida oborotdan chiqqan ming gektar yer maydonini o‘zlashtirib, chigit ekib, paxta yetishtirayotgan “Sagbag” xususiy korxonasi va shu hududda yana shuncha gektar yerlarni o‘zlashtirayotgan “Buxoro Agroklaster” maydonlarida bo‘lib, zahmatkash dehqonlarning ish faoliyati va yutuqlari bilan tanishdilar.

Bunda, ekilgan chigit bir tekis unib chiqqan. Ayni paytda g‘o‘zaga dastlabki ishlov berish jarayonlari amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lindi.

Shuxrat Aliyev hudud rahbari bilan xo‘jalik dalalarida amalga oshirilayotgan mazkur agrotexnik tadbirlarni ham ko‘zdan kechirib, fermer-mexanizatorlar bilan muloqot qildi, chigit parvarishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni o‘rgandi.

Xususan, “Baraka” mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Mavjud muammolar o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumki, tumanlar aholisining asosiy daromad manbai — tomorqa bo‘lib, bunda suv asosiy ehtiyojlardan biri sanaladi. Shundan kelib chiqib, suv tanqisligini hisobga holda, Quchchi massivida “Buxoro Agroklaster”i tomonidan yerlarni o‘zlashtirish uchun zaruriy bo‘lgan suv nasosi qurulish jarayonlari bilan ham tanishildi.

O‘rganish davomida aniqlangan muammolarni hal etish, ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga manzilli topshiriqlar berildi.

Text to speech