Buxoro viloyat IIB va uning quyi tizimlarida shaxsiy tarkib bilan saf ko‘riklari o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining “Yangi yil” va “Prezident archasi” bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida xavfsizlikni ta’minlash va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoyishi va tegishli ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 26-27-dekabr kunlari viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati va Kasbiy tayyorgarli bo‘limi xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan viloyat IIB va uning quyi tizimlarida shaxsiy tarkib bilan saf ko‘riklari o‘tkazildi.
Bunda, barcha shaxsiy tarkibning ishtiroki, xodimlarning tashqi ko‘rinishi, xizmat kiyimini kiyib yurish tartib qoidalariga rioya qilinishi, doimiy ravishda yonida bo‘lishi lozim bo‘lgan anjomlar va xizmat guvohnomasining talab darajasida olib yurilishi hamda saf tayyorgarligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarning qay darajada shakllanganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat bo‘ylab “Yangi yil” bayram tadbirlarini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish oldidan shaxsiy tarkibning jangovarligini oshirish maqsadidagi saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Saf Nizomining ayrim mashqlari bajarildi.
Shuningdek, shaxsiy tarkibning xizmat intizomi va qonunchilikka to‘liq rioya qilishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish, xizmat vazifasini bajarishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatga ta’luqli bo‘lmagan ishlarga aralashmaslik yuzasidan qo‘shimcha yo‘riqnomalar o‘tkazildi.