18 Noyabr 2022 yil 882

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari aholi muammolarini joyiga chiqib o‘rgandi

Bugun, 18-noyabr kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev chekka hududlarda, mahalla va qishloqlarda yashayotgan aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy muammolar, kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlikning ahvoli bilan yaqindan tanishishi uchun 3-sektorga qarashli G‘ijduvon tumaniga bordi.

Boshqarma boshlig‘i tuman markazidan qariyb 20 kilometr uzoqlikda joylashgan “G‘ishti”, “Ulfatbibi”, “Beshtuvo” mahallarining Bo‘ldi, Xo‘ppilar, Qavali, Yuqori Mirzayon qishloqlariga borib, ushbu mahallalarning raislari, ko‘cha vakillari va oqsoqollar bilan uchrashib aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy masalalar, jumladan, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminoti, aholiga ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni joyida o‘rgandi.

Bunda, viloyat 3-sektor rahbariga tuman hokimi va boshqa mutasaddilar, viloyat va tuman kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari rahbarlari, mahalla mutasaddilari hamroh bo‘ldilar.

O‘rganish davomida ayni paytning eng muhim va dolzarb vazifalardan biri sanalgan kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish uchun masʼul korxona va tashkilotlarda sutkalik ish rejimi talab darajasida tashkil etilgani, hududlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rilgani, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminoti, ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga aniq va manzilli topshiriqlar berdi.

Jarayonda ushbu mahallalarga tabiiy gaz yetkazib beruvchi eskirib ketgan quvurlarni yangisiga almashtirish va ichimlik suvi quvurlarini tortish bilan bog‘liq qurilish va montaj ishlari ham ko‘zdan kechirildi.

Text to speech