Buxoro viloyati 3-sektor rahbari Shuxrat Aliyev, sektorga qarashli Vobkent tumani mahallalarining raislari, profilaktika inspektorlari, hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Bugun, joriy yilning 18 fevral kuni Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, 3-sektorga qarashli Vobkent tumani hokimligi katta majlislar zalida, tuman hokimi Farhod Umarov va boshqa sektor rahbarlari bilan birgalikda tumanning 44 ta mahallalari raislari, profilaktika inspektorlari va ushbu mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari bilan uchrashib, yuzma-yuz muloqot qildilar.
Muloqot uchrashuvida boshqarma boshlig‘i mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari, ushbu vazifalarni bajarish borasidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralarini birma-bir muhokama qilib, yangi joriy etilgan ushbu institutlarning faoliyati samaradorligini oshirish borasida tuman sektor rahbarlari zimmasidagi vazifalarni tushuntirib berdi.
Mahallalarning ijtimoiy iqtisodiy ahvoli va aholi turmush darajasini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash, bo‘sh turgan binolarni aniqlab, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali ularni ona vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni turli yod g‘oyalar taʼsiridan himoya qilish kabi ishlarni bajarishda sektor rahbarlari, barcha darajadagi taalluqli idoralar masʼullari, mahalla raisi, profilaktika inspektorlarining birdek masʼul ekanliklari taʼkidlanib, ularga vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.