Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ichki ishlar organlari mahalla huquq tartibot maskanlari profilaktika inspektorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi hayʼatining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Buxoro viloyatida hokimlar tomonidan har oyda bir marotaba ichki ishlar organlari huquq tartibot maskanlari profilaktika inspektori bilan uchrashib ularning muammoli masalalari bo‘yicha takliflarini qabul qilish amaliyoti joriy etilgan.
Xuddi shu maqsadda va joriy yilning 17 avgust kuni Ichki ishlar vaziri general leytenant Po‘lat Bobojonov raisligida o‘tkazilgan vazirlikning navbatdagi Hayʼat yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan bugun, 19 avgust kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov 544 ta mahallalarda faoliyat olib borayotgan ichki ishlar organlari mahalla huquq tartibot maskanlari profilaktika (katta) inspektorlari bilan uchrashib, mahallalarda olib borilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, Prezident qarorlarida belgilab berilgan profilaktika inspektorlarining xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilash va ularga yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish borasidagi vazifalarning ijrosini muhokama qildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev bevosita mahallaning o‘zida jinoyatchilikni jilovlash borasidagi profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirishda profilaktika inspektorlariga qulay sharoitlar yaratib berish maqsadida tuman (shahar) hokimliklari tomonidan qator manzilli choralar ko‘rilganligi, jumladan:
- hududiy hokimliklar tomonidan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tayanch punktlariga 133 dona kompyuter jamlanmalari, Buxoro tumani hokimligi tomonidan 4 dona SKUTER, Peshku tumani hokimligi tomonidan 6 nafar ijtimoiy ahvoli og‘ir profilaktika inspektorlariga 2 million so‘mdan moddiy yordam berilganligi, 94 ta tayanch punktlari binolari taʼmirlanib, 17 ta mahallalarda huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi;
- huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga raqamli texnologiyalar kiritilishini taʼminlash uchun 396 ta maskanlarga optik tolali kabellar tortish choralari ko‘rilib, PQ-5050-sonli Qaror talablari asosida Oliy sudning “E-XSUD” axborot tizimi va Ichki ishlar vazirligining “E-mamuriy ish” yagona axborot tizimi bilan integratsiya qilinganligini alohida eʼtirof etdi.
Biroq, amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, hozirgi kunga qadar ayrim tuman (shahar) hokimliklari tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilib, Prezident qarorlarida belgilab berilgan hududiy profilaktika inspektorlariga yetarli shart sharoitlarni yaratib berish borasidagi vazifalar to‘liq bajarilmasdan kelinayotganligi, yaʼni:
- 47 ta mahallalarda alohida binolar bo‘lmaganligi sababli, tayanch punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmaganligi;
- o‘quv muassasalalarida mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan birga joylashgan 86 ta tayanch punktlarini alohida binolarga chiqarish lozimligi;
- viloyatning shahar va tumanlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan 25 ta huquq-tartibot maskanlaridan 4 tasini qurish va 4 tasini zaruriy mebel jihozlari bilan taʼminlash;
- 148 ta huquq tartibot maskanlarini Oliy sudning “E-XSUD” axborot tizimi va Ichki ishlar vazirligining “E-mamuriy ish” yagona axborot tizimiga ulab integratsiya qilish hamda tizim faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ehtiyoj bo‘lgan 128 dona zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan taʼminlash zarurligi;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20 may kunidagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika (katta) inspektorlarini 2021-2023 yillarda xizmat uy-joylari bilan taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 317-son Qarorining ilovasiga muvofiq 2021 yilda qurilishi rejalashtirilgan 65 ta xizmat uylarini qurib topshirish choralarini ko‘rish;
- 39 nafar turli yo‘nalishlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj profilaktika inspektorlariga moddiy yordam ko‘rsatish borasida manzilli tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi taʼkidlandi.
Ochiq va konstruktiv tarzda o‘tgan uchrashuv davomida viloyat hokimi Botir Zaripov har bir profilaktika inspektori bilan suhbatlashdi va ularni qiynab kelayotgan tizimli muammolarni o‘ziga qayd etib, ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan bildirilgan barcha takliflarni birma-bir muhokama qilib, masʼullarga muddatlari aniq belgilangan manzilli topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari ayrim hududlarda huquq-tartibot idoralari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash, aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish borasidagi ishlarni qattiq tanqid qilib, xodimlarni o‘qitish, professional kasbiy tayyorgarligini oshirish, ularning ishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va ish natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Botir Zaripov jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan zarur tashkiliy, moddiy-texnikaviy asoslarni mustahkamlash barobarida ichki ishlar tizimi xodimlarining har bir mahallada jinoyatchilikni jilovlash, uni kamaytirish va oldini olishga qaratilgan faoliyatining natijadorligini har oy va chorak yakunida viloyat hokimligida hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida tanqidiy muhokama qilish, joylarda ishni lozim darajada tashkillashtirmagan mutasaddi xodimlar va rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar qo‘llash, o‘z navbatida, ijobiy natijaga erishayotganlarni rag‘batlantirish va ularning tajribasini ommalashtirish choralarini ko‘rish lozimligini alohida taʼkidladi.
Uchrashuv davomida ko‘rib chiqilgan har bir masala va bildirilgan takliflar yuzasidan viloyat hamda hududiy hokimliklarning qarorlarini tayyorlash va ijroga qaratish yuzasidan kelishib olindi.