15 Fevral 2022 yil 767

Buxoro viloyati hokimi va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni muhokama qildilar.

Xabaringiz bor, joriy yilning 11 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida "Xavfsiz va ravon yo‘l" tamoyili tamoyili asosida “Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolari, yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari” yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, taalluqli vazirlik va idoralarga qator vazifalar belgilab berildi.

Ushbu videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, bugun, 15 fevral kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi majlislar zalida viloyat hokimi Botir Zaripov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyevlar viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Bunda, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, shahar va tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni oldini olish hamda Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish xizmatlari boshliqlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash sohasida mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi prezentatsiya qilindi.

Jumladan: viloyatda sodir etilgan yo‘l transport hodisalari va ularning oqibatlari birma-bir tahlil qilinib, viloyatning barcha xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarida harakat xavfsizligini taʼminlashning ustuvor yo‘nalishlari;

- yo‘l harakati qoidabuzarliklari ko‘plab sodir etilayotgan hududlar va avariya o‘choqlarini aniqlash hamda tegishli chora-tadbirlarni belgilash;

- viloyatdagi barcha yo‘llar infratuzilmasi va o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash;

- yo‘l belgilari va boshqa zamonaviy elektron qurilmalar o‘rnatish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;

- haydovchilik o‘quv kurslari va avtomaktablarda o‘qitish tizimini takomillashtirish, bu sohada mavjud muammolar hamda ularning yechimlari;

- yo‘l transport hodisalari ko‘plab sodir etilayotgan va yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etgan fuqarolar istiqomat qilib kelayotgan mahallalarni toifalarga ajratish;

- takroran yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir qilgan, jumladan qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan fuqarolar bilan olib borilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar;

- kunning tig‘iz vaqtlari, odatiy kun tartibi va tungi vaqtlarda yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash borasida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va boshqa sohaviy xizmatlarining hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlari va bugungi kunda mazkur yo‘nalishda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Muhokama yakunida viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan tegishli mutasaddilarga viloyatning barcha hududlarida, xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarda avtotransport vositalari va fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, yo‘l transport hodisalarini oldini olish, harakat xavfsizligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan bajarish muddati va moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilgan, har bir tuman (shahar)  kesimida yo‘l xaritalarini ishlab chiqib, ijroga qaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida tashkil etilgan innovatsion o‘quv mashg‘ulotlar poligoni va uning imkoniyatlari bilan ham yaqindan tanishdilar.

Text to speech