Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Olot tumani hududiy ichki ishlar bo‘linmalarining faoliyati va shaxsiy tarkibga yaratib berilgan sharoitlarni joyiga chiqib o‘rgandi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev kundalik ish rejasi asosida hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning chorak yakuni bo‘yicha ish natijalari, uzoq hududlardagi ichki ishlar bo‘linmalarining ish faoliyati, mahallalarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining xizmat hamda turmush sharoitlari va mavjud tizimli muammolar yechimi yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda.
16 aprel kuni boshqarma boshlig‘i tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari va hududiy ichki ishlar bo‘limi masʼul rahbarlari hamrohligida Olot tumani Ichki ishlar bo‘limi, 1-son Ichki ishlar bo‘linmasiga borib, bo‘linmaning kundalik ish faoliyati, bo‘linma maʼmuriy hududida birinchi chorak davomida sodir bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklar yuzasidan masʼullarining hisobotlarini tingladi.
Jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, kundalik xizmat faoliyatini samarali tashkil etish, jinoyat va huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ariza va xabarlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, xodimlar yurituvidagi hujjatlarni tartibga keltirish, hududda “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlash, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi keskin kurashish borasida manzilli topshiriqlar berib, ijrosini o‘z nazoratiga oldi.
Keyingi manzil tumanning Maʼrifat mahallasi profilaktika inspektorining xizmat uyi bo‘ldi. Xizmat uyida xodim va uning oila aʼzolari yashashi uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar ham o‘rganildi.
Shuningdek, ushbu mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi huquq-tartibot maskaniga ham tashrif buyurib, maskan xodimlarining kundalik ish tartibi, yurituvidagi hujjatlar, maskan binosida joylashgan tuman IIB Probatsiya guruhi xodimining ish natijalari, bino va uning atrof hududlarida amalga oshirilgan taʼmirlash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ham ko‘zdan kechirib, aniqlangan bir qator kamchiliklar yuzasidan masʼullarga manzilli topshiriqlar berdilar.
Bundan tashqari boshqarma boshlig‘i Shuxrat Aliyev Olot tumanining Turkmaniston Respublikasi bilan chegara postiga bordi. Chegara post va uning atrofida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillaridan iborat patrullik guruhining ish faoliyati va ular oldidagi muammolarni ham o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berib, ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.