Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i otalig‘iga olgan Shofirkon tumanidagi 3-sonli maktabning yangidan barpo etilayotgan Ko‘lobod filiali yangi o‘quv yiliga shay holatga keltirilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev Shofirkon tumani «Do‘rmon» mahallasida joylashgan 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini o‘z otalig‘iga olib, ushbu maktab faoliyatini takomillashtirish borasida qator manzilli tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, maktabning «Sultonobod» mahallasida 1975 yilda shiypon sifatida barpo etilib, keyinchalik zarurat taqozosi bilan maktab binosiga moslashtirilgan, asosiy binodan 4,5 km uzoqlikda joylashgan, ayni paytda 30 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim olayotgan filial yonidan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashabbusi bilan 80 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan yangi va zamonaviy bino qurish ishlari boshlab yuborilgan edi.
Bugun, joriy yilning 11 avgust kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev, tuman sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda Sultonobod mahallasida bo‘lib, 3-sonli maktabning yangi qurilayotgan Ko‘lobod filiali binosida amalga oshirilayotgan so‘ngi pardozlash va jihozlash ishlari bilan tanishdi.
Ko‘zdan kechirish jarayonida boshqarma boshlig‘i Shuxrat Aliyev, tuman hokimi va boshqa mutasaddilarga maktab binosini O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida ochib foydalanishga topshirish, zamonaviy jihozlar va o‘quv qurollari bilan ta’minlash, atrof hududni obodonlashtirish, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun zaruriy barcha shart-sharoitlarni yaratib berish borasida o‘zining qator tavsiyalarini berdi.