Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Peshku tumani 3-sektoriga qarashli mahallalar yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Bugun, 26-aprel kuni Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev Peshku tumani “So‘sana” mahallasida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabi faollar zalida tuman hokimi va sektor rahbarlari hamda boshqa mutasaddilar bilan birgalikda tumanning 3-sektoriga qarashli mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlarning mavjud muammolari, talab va takliflari hamda murojaatlarini o‘rgandi.
“Sektor rahbari va yoshlar uchrashuvi” da 80 nafardan ortiq yoshlarning mavjud muammolari, taklif va murojaatlari masʼullar ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqilib, atroflicha muhokama etildi.
20 nafardan ortiq yoshlar tomonidan kredit olish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, uy-joy taʼminoti, taʼlim kreditini rasmiylashtirish va ijtimoiy muammolar borasidagi murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Ochiq muloqot davomida o‘z tomarqa yerida Zaytun daraxti ko‘chatini ekib yetishtirib, moy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqan tumanning 3-sektoriga qarashli “So‘sana” mahallasida istiqomat qiluvchi Buxoro davlat Universitetining tabiiy fanlar fakulteti 4-bosqich talabasi Oybek Ismatovning taklifi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, tuman hokimi va boshqa mutasaddilar tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Hozirgi kunda 10 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilib, dehqonchilik qilayotgan ushbu yosh mirishkorga zaruriy barcha yordamlar ko‘rsatilishi belgilab olindi.
Uchrashuv davomida aniqlangan muammolar va qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar ish yurituviga olinib, ijrosi alohida nazoratga olindi.