Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev IIV Akademiyasi tinglovchilari uchun navbatdagi onlayn mahorat darsini o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 25 avgustdagi 298-son buyrug‘i asosida, joriy yilning 7 oktyabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kunduzgi taʼlim bakalavr bosqichining Buxoro viloyatidan jamlangan kursantlari, magistratura tinglovchilari va ixtisoslashtirilgan kafedralarning professor-o‘qituvchilari ishtirokida navbatdagi onlayn tartibda mahorat darsini o‘tkazdi.
Bugungi onlayn mahorat darsi mavzusi “Buxoro viloyatida Terrorizm va ekstremizm hamda odam savdosiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar: Tarix va bugun” deya nomlandi.
Ochiq va munozaralarga boy bo‘lgan mashg‘ulot jarayonida, kursantlar va mashg‘ulot ishtirokchilari mavzusi doirasida maxsus tayyorlangan slaydlar, ko‘rgazmalari materiallar orqali o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar. Shuningdek, diniy ekstremizm va terrorizmning mamlakatimiz ayniqsa, Buxoro viloyatida paydo bo‘lishi, rivojlanishi, bugungi kundagi tezkor vaziyat xususida ham maʼlumotlarga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar va ularning natijalari xususida ham so‘z yuritilib, tinglovchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Mashg‘ulot davomida diniy ekstremizm va terrorizm hamda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning zamonaviy ko‘rinishlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan usul va uslublari, turlari va ko‘rinishlari ham tushuntirib berilib, bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish, ularni barvaqt oldini olish, tezkor hamda profilaktik tadbirlarni o‘tkazish borasida ham tushunchalar berildi.