15 Sentyabr 2021 yil 611

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev IIV Akademiyasi tinglovchilari uchun onlayn master-klas o‘quv mashg‘uloti o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 25 avgustdagi 298-son buyrug‘i asosida, joriy yilning 15 sentyabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kunduzgi taʼlim bakalavr bosqichining Buxoro viloyatidan jamlangan kursantlari, magistratura tinglovchilari va ixtisoslashtirilgan kafedralarning professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn master-klass o‘quv mashg‘uloti o‘tkazdi.

Mashg‘ulot avvalida Buxoro viloyati hududidagi jinoyatchilik ahvoli, jinoyatlarning ortgan turlari, kelib chiqish omillari, sabab va shart-sharoitlari, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, viloyatning kriminogen vaziyati hamda o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishdagi dolzarb masalalar bo‘yicha kursantlarga tegishli tushunchalar berdi.

Polkovnik Shuxrat Aliyev, oxirgi 3 yilda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini tamomlab, Buxoro viloyati ichki ishlar organlarining turli lavozimlariga yangidan tayinlangan yosh mutaxassis xodimlarni amaliyotga kirishishi, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bilan bog‘liq amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijalarini mashg‘ulot ishtirokchilari eʼtiboriga yetkazib, yosh xodimlar tomonidan amaliyotga kirishishning dastlabki davrlarida uchrayotgan qiyinchiliklar, yo‘l qo‘yib kelinayotgan kamchiliklar, qonunchilik va xizmat intizomini buzish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan aniq misollar asosida so‘z yuritdi.

Ochiq va munozaralarga boy bo‘lgan darsning ikkinchi yarmida kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga boshqarma boshlig‘idan javoblar oldilar.

Mashg‘ulot yakunida Boshqarma boshlig‘i Shuxrat Aliyev Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlarining o‘quv jarayonida, shuningdek amaliy ish faoliyatini boshlash davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlar, yosh kadrlar duch kelayotgan qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish bilan bog‘liq yechimlar xususida o‘zining fikr, taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.

Text to speech