27 Yanvar 2022 yil 593

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev Kogon shahar “Arabxona” mahallasi aholisi bilan sayyor qabul o‘tkazdi.

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, viloyat hokimi va Xalq qabulxonasi tomonidan tasdiqlangan reja asosida joriy yilning 27 yanvar kuni Kogon shahar “Arabxona” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Umida Raxmonova, Kogon shahar 4 ta sektor rahbarlari, viloyat va tuman 3-sektor ishchi guruhi aʼzolari, boshqa mutasaddi idoralar masʼullari, mahallaning boshqaruv ofisi xodimlari hamda ushbu mahallaga biriktirilgan iqtisodiy sektor masʼullari, mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi ishtirok etdilar.

Dastlab, viloyat va tuman 3-sektor ishchi guruhi aʼzolaridan iborat ishchi guruh aʼzolari mahalladagi ijtimoiy ahvoli og‘ir xonadonlarga tashrif buyurib, surunkali va og‘ir kasalligi tufayli davolanib kelayotgan fuqarolarning holidan xabar oldilar. Ularga zaruriy tibbiy yordamlar ko‘rsatilib, dori-darmonlar yetkazib berdilar.

Bundan tashqari, mahallada mavjud elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi taʼminoti bilan bog‘liq muammolar ham ko‘zdan kechirilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Shundan so‘ng masʼullar tomonidan 60 ga yaqin mahalla fuqarolari va faollari tomonidan bildirilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, shuningdek, 15 dan ortiq fuqarolardan kelib tushgan turli masalalardagi murojaatlar birma-bir ko‘rib chiqildi.

Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, mahallada “sohabay”, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar masʼullariga topshiriqlar berildi va murojaatlar yechimi bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.

Ish yurituviga olingan, qo‘shimcha tekshirish va muddat talab qiladigan murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olinib, mutasaddilarga har bir yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech