Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyevning navbatdagi "Rahbar va yoshlar uchrashuvi" Vobkent tumani Kumushkent mahallasida o‘tkazildi.
Joriy yilning 7 oktyabr kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, Vobkent tumani Kumushkent mahallasida “Yoshlar daftari” ga kiritilgan hamda ishsiz yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning muammolarini o‘rgandi.
"Rahbar va yoshlar uchrashuvi" deb nomlangan mazkur ochiq muloqotda boshqarma boshlig‘i tuman hokimi va sektor rahbarlari, viloyat 3-sektor ishchi guruhi va boshqa mutasaddi idoralar masʼullari ishtirokida yoshlarni qiynab kelayotgan muammolar, ularning takliflari va murojaatlarini birma-bir ko‘rib chiqib, atroflicha muhokama qildi.
Uchrashuv davomida qilingan har bir murojaat bo‘yicha qonunlar hamda amaldagi normativ hujjatlar asosida joyida bartaraf qilinib, qo‘shimcha o‘rganish uchun qabul qilingan ayrim bir murojaatlar yuzasidan alohida chora-tadbirlar belgilab olinib, ijro etilishi Ichki ishlar boshqarmasining alohida nazoratiga olindi.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik qilish uchun yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozli kredit mablag‘larini olish, yoshlarni kasbga o‘qitish borasidagi shart-sharoitlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, maʼnaviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, iqtidorli o‘g‘il-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ham so‘z yuritib, uchrashuv yakunida tadbir ishtirokchilariga kitoblar sovg‘a qilindi.