Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Qorako‘l tumani 3-sektoriga qarashli mahallalar yoshlarining muammolarini o‘rgandi.
Bugun, 8 aprel kuni Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, Qorako‘l tumani sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar bilan birgalikda tumanning 3-sektoriga qarashli mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshlarning muammolari, talab va takliflari hamda murojaatlarini o‘rgandi.
"Rahbar va yoshlar uchrashuvi" da 50 nafardan ortiq yoshlarning mavjud muammolari, taklif va murojaatlari masʼullar ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqilib, atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, 10 ga yaqin yoshlar tomonidan kredit olish, mahallasida kutubxona tashkil etish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, taʼlim kreditini rasmiylashtirishda yordam berish masalalarida qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Qo‘shimcha o‘rganish uchun ish yurituviga qabul qilingan murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olindi.
Ochiq muloqot davomida boshqarma boshlig‘i bugungi kunda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ayniqsa virtual jinoyatlar va yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish hamda jinoyat va huquqbuzarliklar qurboniga aylanib qolmaslik yuzasidan batafsil ma‘lumotlar berib o‘tdi.