Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shofirkon tumani “Tezguzar” mahallasi profilaktika inspektoriga yaratib berilgan xizmat sharoitlarini o‘rgandi.
Xabaringiz bor, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev hududlarga chiqib, mahallalarda belgilangan dastur asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish, “mahallabay” tizim asosida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarning natijadorligi, mahallalarda faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlari uchun yaratib berilgan xizmat va turmush sharoitlarini o‘rganib bormoqda.
Boshqarma boshlig‘ining bugungi manzili Shofirkon tumani “Tezguzar” mahallasi bo‘ldi. Joriy yilning 29 mart kuni ushbu mahallaga borgan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tuman hokimi Jamshid Sharopov hamda Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Shodmon Sulaymonov va boshqa bir qator mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda 283-sonli ichki ishlar organlari tayanch punktining holati, hudud profilaktika inspektorining faoliyati, unga yaratib berilgan xizmat sharoitlari, yurituvidagi hujjatlar, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan ishlarini o‘rgandi.
O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish, hududda “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlash, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi keskin kurashish borasida masʼul rahbarlarga aniq va manzilli topshiriqlar berib, ijrosini alohida nazoratga oldi.