Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shofirkon tumani yoshlarining muammolarini o‘rgandi.
Bugun, 29-mart kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shuxrat Aliyev sektorga qarashli Shofirkon tumani “Jo‘ynav” mahallasida joylashgan bolalar musiqa va san‘at maktabi yig‘inlar zalida tuman yoshlari bilan uchrashdi.
"Rahbar va yoshlar uchrashuvi" da 300 ga yaqin yoshlarning mavjud muammolari, taklif va murojaatlari tuman hokimi va sektor rahbarlari, viloyat 3-sektor ishchi guruhi hamda boshqa mutasaddi idoralar masʼullari ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqilib, atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, 30 ga yaqin yoshlar tomonidan ilgari surilgan o‘zlari yashab turgan hududlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish yuzasidan qilingan tashabbuslar hamda kredit olish, bandligini taʼminlash, taʼlim kreditini rasmiylashtirish masalalarida qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Qo‘shimcha o‘rganish uchun ish yurituviga qabul qilingan murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olindi.
Ochiq muloqot davomida boshqarma boshlig‘i bugungi kunda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ayniqsa virtual jinoyatlar va yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar, jinoyat va huquqbuzarliklar qurboniga aylanib qolmaslik yuzasidan batafsil ma‘lumotlar berib o‘tdi.