12 Mart 2022 yil 510

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev G`ijduvon tumanining Xalqobod mahallasida tuman 3-sektor hududidagi mahallalar yoshlarining murojaat va muammolarini o‘rgandi.

Avval xabar berganimizdek, viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev viloyat 3-sektoriga qarashli tumanlarda, shuningdek, barcha tuman va shaharlarning 3-sektorlariga qarashli hududlarda yoshlar murojaatlari va muammolarini o‘rganish bo‘yicha sayyor uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.

Bugun, 12-mart kunining ikkinchi yarmida polkovnik Shuxrat Aliyev G‘ijduvon tumani 3-sektori hududiga qarashli “Xalqobod” mahallasida joylashgan 3-son Kasb-hunar maktabida "Rahbar va yoshlar uchrashuvi" doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida maktab o‘quvchilarining ijod namunalari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

150 nafardan ortiq yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda boshqarma boshlig‘i tuman hokimi va sektor rahbarlari, viloyat 3-sektor ishchi guruhi hamda boshqa mutasaddi idoralar masʼullari bilan birgalikda yoshlarni qiynab kelayotgan muammolar, ularning taklif va murojaatlarini birma-bir ko‘rib chiqib, atroflicha muhokama qildi.

40 nafarga yaqin yoshlar tomonidan turli masalalarda qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.

Uchrashuv davomida yoshlarning imtiyozli kredit olish borasidagi murojaatlari yuzasidan bank mas'ullariga alohida ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, bandligi ta'minlanmagan yoshlarni ish bilan ta'minlash borasida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.

Shuningdek, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar ish yurituviga qabul qilinib ijrosi alohida nazoratga olindi.

Ochiq muloqot davomida boshqarma boshlig‘i bugungi kunda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ayniqsa virtual jinoyatlar va yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish hamda jinoyat va huquqbuzarliklar qurboniga aylanib qolmaslik yuzasidan batafsil ma'lumotlar berib o‘tdi.

Text to speech