Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyevning navbatdagi muhokama yig‘ilishlari Shofirkon hamda Vobkent tumanlarining kriminogen vaziyati og‘ir, qizil toifaga kirgan mahallalarida o‘tkazildi.
Xabaringiz bor joriy yilning 19-22 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligi ko‘zdan kechirilib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
IIV ishchi guruhining o‘rganish natijalari bo‘yicha kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazilib, bunda viloyat ichki ishlar organlari va hamkorlikdagi idoralar tomonidan yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, xususan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni viloyat sektor rahbarlari va qolgan barcha turdagi jinoyatlarni hududiy sektor rahbarlari tomonidan mutasaddi idoralar masʼullari va keng jamoatchilik ishtirokida joyiga chiqib muhokama qilib borish yuzasidan aniq va manzilli topshiriqlar berildi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash hamda kriminogen vaziyati og‘ir, qizil va sariq toifalarga kirgan mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning sodir etilishiga imkon yaratib bergan shart-sharoitlarni “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimi asosida jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish, mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar, muassasalarning o‘zaro hamkorligini taʼminlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, 2021 yil 25 dekabr kuni viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, sektorga qarashli Shofirkon tumanining kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar salmog‘i oshgan «Qalmaqon» va «Bobohaydar» mahallasida sodir etilgan ko‘p epizodli firibgarlik hamda o‘zlashtirish, Vobkent tumanining «Cho‘rikalon» mahallasida sodir etilgan o‘g‘rilik va “Nayman” mahallasida sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarini, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar ishtirokida, jinoyat sodir etgan shaxslar istiqomat qilayotgan va jinoyat sodir etilgan mahallalarning o‘ziga borib, keng jamoatchilik o‘rtasida «mahallabay» va «sohabay» tizim asosida muhokama qildi.
Muhokama yig‘ilishida ushbu mahallalar hududida yashovchi muammoli oilalar, turmush tarzi bilan shubha uyg‘otayotgan, doimiy ravishda nizo keltirib chiqaradigan, tuzalish yo‘liga o‘tmagan muqaddam sudlanganlar, Voyaga yetmaganlar, spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘ygan, oila-turmush doirasida doimiy ravishda nizolashib kelayotgan fuqarolar, nosog‘lom muhit shakllangan oilalarni toifalarga ajratib, har bir toifa bilan «xonadonbay», «oilabay» va «fuqarobay» tartibda profilaktik ishlarni olib borish, bunda ushbu toifa shaxslarni jamoatchilik asosida nazoratga olish, har bir shaxsni, oilalardagi muammolarni bartaraf etish uchun aniq maqsadli chora-tadbirlar belgilab olishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Bu kabi tadbirlar belgilangan reja asosida tizimli ravishda davom ettirilmoqda.