13 Avgust 2021 yil 554

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyevning navbatdagi sayyor qabuli G‘ijduvon tumanida o‘tkazildi.

Xabar berganimizdek, bugun Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyevning rejada belgilangan navbatdagi sayyor qabuli G‘ijduvon tumani Guliston mahallasida tashkil etildi.

Unda tuman hokimi hamda viloyat 3-sektor ishchi guruhi, qator mutasaddi rahbarlar va masʼullar ishtirok etib, 200 nafarga yaqin tuman aholisining murojaatlari yaqindan o‘rganildi.

Bunda, aholining oylar davomida turli davlat idoralariga yo‘llagan, biroq haligacha o‘z ijobiy yechimini topmagan yoki birgina huquqiy maslahat berish orqali hal etilgan murojaatlari qayta taftishdan o‘tkazilib, masʼullar ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqildi.

Mazkur murojaatlarning 100 dan ortig‘i shu kunning o‘zida o‘z yechimini topgan bo‘lsa, elikka yaqin murojaatlar qo‘shimcha o‘rganish uchun tegishli davlat idoralariga yo‘naltirilib, murojaatlar yechimi yuzasidan tizimli chora-tadbirlar belgilangan holda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hamda viloyat 3-sektor ishchi guruhining alohida nazoratiga olindi.

Jumladan, "Ayollar daftari"ning 2-bosqichiga ro‘yxatga kiritilgan 20 nafar xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, o‘z hunari ortidan doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun tikuv mashinalari berildi.

Xususan, 40 nafar boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga bir martalik besh yuz ming so‘m miqdordagi moddiy yordam ko‘rsatildi.

"Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turgan 20 nafar yoshlarga haydovchilik guvohnomalari olishlari uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.

Qolaversa, 2 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayolning yashash uyi taʼmirida foydalaniladigan 5 million so‘mlik qurilish mollari sertifikati ham berildi.

Aholi bilan bunday ochiq muloqotlar natijasida, hududlarda aniqlangan ijtimoiy masalalarning aksariyati joyida bartaraf etilib, ijtimoiy muammolar o‘z yechimini topmoqda.

Text to speech