6 Sentyabr 2021 yil 602

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan Shofirkon tumanida sodir etilgan qotillik jinoyati keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.

2021 yilning 2 sentyabr kuni taxminan soat 18:00 larda Shofirkon tumani Boboato mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan Sh.K. ismli shaxs “Shofirkon-Vobkent” chegara hududida joylashgan Boboato mahallasi Xalajiyon qishlog‘idan oqib o‘tuvchi “Abdullaxon” zovuriga tumanning Bobur mahallasida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan turmushga chiqmagan o‘ziga notanish G.F. ismli qizni olib borib, uning qarshilik ko‘rsatishiga qaramasdan majburiy jinsiy aloqada bo‘lib, so‘ng bo‘yin sohasidan qo‘llari bilan bo‘g‘ib, tanasining turli joylariga qasddan urib o‘ldirgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Sh.K.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 97-moddasi 2-qismi “z” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 6 sentyabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, ichki ishlar boshqarmasi taalluqli xizmat soha rahbarlari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va shaxsiy tarkibi, tuman prokurorining o‘rinbosari, boshqa hamkor idoralar masʼul rahbarlari, “Boboato” mahallasi raisi va uning o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori, mahalla faollari hamda Xalajiyon qishloq aholisi ishtirokida jinoyat muhokamasini o‘tkazdilar.

Muhokama jarayonida mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining mahallada huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglandi, shuningdek, mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi.

Boshqarma boshlig‘i mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida taalluqli idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik tadbirlarni tanqidiy muhokama qilib, jinoyat sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish va kelgusida xuddi shu va boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilmasligini oldini olishga qaratilgan manzilli tadbirlar yuzasidan o‘zining talab hamda tavsiyalarini bildirdi.

Jumladan, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida “mahallabay”, “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” ishlash, “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi bo‘yicha keng qamrovli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, muqaddam sudlanganlar, ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turuvchi toifa shaxslar va ayniqsa Probatsiya xizmati nazorati ostida turuvchi shaxslar bilan olib borilishi lozim bo‘lgan keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlar yuzasidan ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmat rahbarlari va boshqa mutasaddilarga ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Text to speech