Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining navbatdagi tadbirkorlar bilan sayyor qabuli Vobkent tumanida o‘tkazildi
Joriy yilning 20-aprel kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, viloyatning 3-sektoriga qarashli Vobkent tumani tadbirkorlarining muammolari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi.
Tuman hokimligi binosida o‘tkazilgan qabulda boshqarma boshlig‘i tuman hokimi va sektor rahbarlari, “Bosh vazir qabulxonasi” mutasaddilari, viloyat hamda tuman mutasaddi idoralari masʼullari ishtirokida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar, yechimini izlayotgan masalalar yuzasidagi murojaatlarni birma-bir ko‘rib chiqdilar.
Sayyor qabulda 50 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etib, ulardan kelib tushgan turli masalalardagi 20 dan ortiq murojaatlar qabul qilindi.
Murojaatlar asosan tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, imtiyozli kredit mablag‘larini olishda yordam berish, kuchlanishi yuqori bo‘lgan elektr energiyasi taʼminoti bilan bog‘liq masalalalarida bo‘ldi.
Bunda, har bir murojaat bo‘yicha tegishli mutasaddilarning tushuntirish va fikrlari o‘rganildi hamda aniqlangan muammolar tuman, viloyat va respublika darajasida hal etilishiga qarab, masʼullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan holda alohida nazoratga olindi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘i tuman mahallalarida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari bilan ham yuzma-yuz muloqat qilib, tadbirkorlik masalalariga doir o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.