19 Noyabr 2021 yil 555

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari-Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Dilfuza Sharopova “Yil ayoli” milliy tanlovining Buxoro viloyati bosqichi “Gran-pri” sohibasi bo‘ldi.

Bugun, 19 noyabr kuni Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash Davlat maqsadli jamg‘armasi tashkilotchiligida o‘tkazilayotgan “Yil ayoli” milliy tanlovining Buxoro viloyat bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni viloyat hokimi Botir Zaripov tabrik so‘zi bilan ochib berib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelayotgan, yuksak maʼnaviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo‘lish bilan birga o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni samimiy qutladi.

Shuningdek, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Feruza Ibragimova so‘z olib, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni aniqlash, ularning faoliyatini keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish va tashabbuskor hamda fidoyi ayollarni yana-da qo‘llab-quvvatlash, ularni munosib rag‘batlantirish borasida yurtimizda bir qator ko‘lamli islohotlar olib borilayotganini taʼkidlab o‘tdi.

Jumladan, “Yil ayoli” milliy tanlovi viloyatimiz bo‘ylab 25 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan, hududlarda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyati bilan kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib, korxona, tashkilot, muassasalarda mehnat qilayotgan hamda uy bekalari bir qator munosib ayollarni kashf etishga zamin yaratgani eʼtirof etildi.

Mazkur tanlovda ishtirokchilar “O‘zini tanishtirish”, “Savol va javob” hamda “O‘zbek ayoli” mavzusida 3 daqiqali videorolik taqdimoti kabi shartlar orqali o‘zaro bellashib, munosiblari baholash komissiyasi aʼzolari tomonidan g‘olib deb topildi.

Xususan, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida tanlovning viloyatimiz bo‘yicha o‘tkazilgan barcha tuman va shahar bosqichlari kesimida jami 200ga yaqin ishtirokchi xotin-qizlar qatnashgan bo‘lib, shundan 53 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Viloyat bosqichida esa quyidagi ishtirokchilar g‘olib deb topilib, viloyat hokimligi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Eng quvonarlisi shundaki, tanlovning “Gran-pri” sohibasi – Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari - Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Sharopova Dilfuza Qudratovna “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilib, respublika bosqichi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Tadbir davomida, viloyatning shahar va tumanlari kesimidagi bosqichlarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar hamda 2021 yil Buxoro viloyatida “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan xotin-qizlar muammolari bilan yaqindan ishlash hamda ularning hal etilishi borasidagi faol ishtiroki va jonkuyarligi uchun tuman, shahar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari va “Xalq banki”ning hududlardagi xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish masalalari bo‘yicha masʼul mutaxassislari shuningdek, joriy yil “Ayollar daftari” ro‘yxatida turib, yaratilgan qulay imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘zi va oilasining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yana-da yaxshilanishi borasidagi tashabbuskorligi uchun bir qator hunarmandchilik va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ayollar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tadbirning badiiy qismida viloyatimizning xushovoz sanʼat ahli tomonidan ijro etilgan ayollarni madh etuvchi milliy kuy-qo‘shiqlar dastasi, yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

Text to speech