24 Mart 2022 yil 388

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan hududlarda arzonlashtirilgan oziq ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkillashtirilmoqda...

Ko‘p yillik qadriyatimizga aylangan Navro‘zi olam kishiga o‘zgacha ko‘tarinkilik baxsh etadi. Yasharish, yangilanish shodiyonasi munosabati bilan aholiga qulaylik yaratish, ularning oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini hamyonbop narxlarda taʼminlash hamda narx-navoning sunʼiy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbuskorligida viloyat bo‘ylab shahar-tuman 3-sektorlariga qarashli barcha mahallalarda belgilangan grafik asosida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etilmoqda.

Jumladan bugun, joriy yilning 24 mart kuni ham viloyat 3-sektoriga qarashli 26 ta mahallalarda yarmarkalar tashkillashtirililib, mazkur yarmarkalarda savdo peshtataxlari go‘sht, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, shakar, o‘simlik yog‘i kabi 32 turdagi sifatli, arzon meva, sazbavot va oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirildi.

Narxlarning barqaror va hamyonbopligi aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Taʼkidlash joizki, tashkil etilgan ushbu yarmarkalarda bir kunda 15 tonnadan ortiq birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari xaridorlarga arzon narxlarda yetkazib berildi.

Aholining talablari va ehtiyojiga qarab mahallalarda tashkil etilgan yarmarkada bir kunda qariyb 4 tonna kartoshka, 3 tonnaga yaqin mol va qo‘y go‘shti, 600 kg shakar, yarim tonna piyoz, 600 kg sabzi kabi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilingan.

Shuningdek, 3-sektorlarda tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan hududlar bo‘ylab barcha dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalarining uzluksiz faoliyat yuritishi hamda talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning sunʼiy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli nazorat tadbirlari ham olib borilmoqda.

Shu o‘rinda, viloyat kesimida shahar va tumanlar 3-sektor rahbarlari boshchiligida ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari va sohaviy xizmat xodimlari boshqa nazorat organlari bilan hamkorlikda hududlarda oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlarning narxlarini sunʼiy oshishini oldini olish maqsadida tadbirkorlar o‘rtasida muntazam ravishda tushuntirish ishlarini ham olib borishmoqdalar.

Joylarda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari davom etmoqda.

Text to speech