Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi XPB masʼul xodimlari tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi hamda Transportda xavfsizlikni taʼminlash bo‘limi masʼul rahbarlari tomonidan Buxoro MTU UK va Buxoro vagon deposi xodimlari o‘rtasida ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olish va ularga yo‘l quymaslik borasida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Bunda masʼullar bugungi kunda viloyatimiz hududlarida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish, erta turmush va erta tug‘ruq bilan bog‘liq salbiy holatlarni aniq misollarda yig‘ilganlarga yetkazib, kelgusidagi vazifalar bo‘yicha fikr almashdilar.
Ayol jamiyatimizning gultoji, oilamiz farishtasi, u go‘zallik, nafosati va sadoqat ramzi. Jonidan jon berib farzandini dunyoga keltirgan, uning bir tabassumi uchun halovatidan kechadigan mehribon va mushfiq ona u. Mehr oqibatlilik fidoyilik, halollik kabi fazilatlarni singdiradi u bizning shuurimizda. Ammo ming afsuski, bunday yuksak nomga barcha ayollarimiz ham birday munosib bo‘lishmayapti. Panjara ortida o‘tirgan onani ko‘rgan farzand qay ahvolga tushishini hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz. Onasini farishta sifatida ko‘rib, unga o‘xshashni orzu qilib yurgan qiz volidai muhtaramasining o‘g‘ri yoki qotil ekanini bilgach qay ahvolga tushadi. Avvalo shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki hech qachon o‘z-o‘zidan ayol huquqbuzar yoki jinoyatchi bo‘lib qolmaydi. Bunga uning yoshligidan olgan tarbiyasi oilaviy va tashqi muhit, munosabat o‘rnatgan kishilarning qarashlari va jamiyatda tutgan o‘rni ham taʼsir ko‘rsatadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jinoyatlar oilaviy muhit, sharoit og‘irligi, ehtiyojlarning ortishi, yengil-yelpi hayotga intilish, to‘qlikka sho‘xlik tufayli sodir etilmoqda.
Seriallar, internet olamidagi shov-shuvlar ham antitarg‘ibot vazifasini o‘tamoqda. Jinoyatlarning aksariyatiga mehrsizlik, eʼtiborsizlik, alamzadalik sabab bo‘layotgani achchiq haqiqatdir.
Albatta bahsli munozaralar o‘z-o‘zidan mahallalardagi bugungi ahvol qay darajada ekaniga borib taqaladi. Mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish uchun yaxlit tizim yaratilgani natijasida bosqichma-bosqich muammolar bartaraf etilyapti.
Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga xotin-qizlarni qo‘shimcha davlat granti asosida qabul kvotalari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanomalar berish va o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat Boshqarmasi tomonidan belgilangan meʼzonlarga asosan tavsiyanomalar olib, talabalikka qabul qilinganlar 28 nafarni tashkil etmoqda.
Galdagi vazifa, ishsizlik muammosini hal etish, xotin-qizlarni kasbga yo‘naltirish borasida hamkor tashkilotlar bilan amaliy ishlarni tashkil etish, jinoyat sodir etib, jazodan ozod etilgan, tuzalish yo‘liga kirgan xotin-qizlarga alohida ko‘mak va eʼtibor qaratish lozim.
Insonparvarlik tamoyiliga ko‘ra jazodan ozod etilgan xotin qizlarni qo‘llab quvvatlash, ularni hayotga moslashtirish borasida viloyatimizda qator manzilli tadbirlarning amalga oshirilayotgani ham quvonarli hol albatta.
Jamiyatimizda oqila, bilimli, epchil, uddaburon, hayotda katta muvafaqiyatlarga erishayotgan ayollar, qizlar safi juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Jinoyat ko‘chasiga kirgan opa singillarimizning hayotiga nazar tashlash bilan ularni bu yo‘ldan qaytarish, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ayollarga mehr va eʼtibor ko‘rsatish har birimizning yuksak insoniy burchimiz. Zero jinoyat o‘z o‘zidan sodir etilmaydi, yo‘ldan adashgan ham avvalo inson ular bilib-bilmay shu ishga qo‘l urgan bo‘lishlari mumkin. Insonparvarlik kechirimlilik siyosati tufayli sud zallaridan ozod etilgan jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan opa-singillarimizga faqatgina mutasaddi idoralar emas, balki har birimiz yordam berishimiz kerak. Agarki, sharoit sababmi yoki boshqa omillar tufayli bo‘lsa ham birgina jinoyat sodir etilishi jamiyat uchun katta fojiadir. Loqayd va beeʼtibor bo‘lmasak ana shu fojia ro‘y bermasligi ham mumkin.
Ayol mehrdan, muhabbatdan yaralgan. Nozik qalb bo‘lsa-da, tabiatan tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yashashga moslashgan, tog‘dek metin bardoshi bilan zimmasiga hayotning mayda chigal tashvishlari, yechimi tugamas muammolarini ortmoqlab olganligi ayni haqiqat.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, ayollarning nozik qo‘llariga kishan emas, gul, qalbiga yovuzlik emas ezgulik yarashadi. U jamiyatning ko‘rki bo‘lmog‘i lozim deydi viloyat IIB XPB boshlig‘ining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Dilfuza Sharopova.
Shuningdek, tadbir davomida tazyiq va zo‘ravonlikka uchrayotgan ayollar, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, himoya orderi va uning huquqiy asoslari va yuridik kuchi yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.