30 Mart 2022 yil 548

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va taʼmirlash ishlari joyiga chiqib o‘rganildi.

Bugun, joriy yilning 30 mart kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish, taʼmirlash ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining maʼmuriy binosi va unga tutash qo‘shimcha binolarda yakuniga yetkazilayotgan qurilish taʼmirlash va so‘ngi pardozlash ishlarini ko‘zdan kechirgan boshqarma boshlig‘i, aholiga xizmat ko‘rsatish va xodimlarning xizmat xonalarini zamonaviy mebellar va texnologiyalar bilan jihozlash, joriy etilgan innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, o‘quv poligonini ishga tushirib, xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish, jismoniy va jangovar tayyorgarligini yuksaltirish borasida o‘zining bir qator topshiriqlarini berdi.

Bundan tashqari, birinchi chorak ish natijalarini tahlil qilgan holda yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash borasida Buxoro tajribasi yuzasidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan respublika miqyosidagi o‘quv seminarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham gaplashib olindi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i yo‘l harakati xavfsizligi xizmati sohasi xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, turli korrupsion holatlarni oldini olish borasidagi vazifalarni ham birma bir muhokama qilib, tizimning xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘limlarida inson omilini kamaytirishga qaratilgan texnologiyalardan kengroq foydalanish borasida aniq takliflarni ishlab chiqish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berdi.

Text to speech