Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida "8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Bugun, joriy yilning 7 mart kuni, "8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasida tantanali tadbir tashkillashtirildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlar rahbarlari, tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbir avvalida so‘zga chiqqan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashni o‘zining burchi deb bilib, ichki ishlar organlari safida fidokorona xizmat qilib kelayotgan barcha xotin-qizlar va faxriy ayollarni qutlug‘ sana bilan muborakbod etdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning tizim xotin qizlariga yo‘llagan tabrigi hamda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin qizlarni mukofotlash to‘g‘risidagi buyrug‘i o‘qib eshittirildi.
Unga ko‘ra 3 nafar xodimaga “Ichki ishlar organlaridagi benuqson xizmatlari uchun” va 1 nafariga "Aʼlo xizmatlari uchun" ko‘krak nishonlari, 1 nafariga faxriy yorliq, 2 nafariga esdalik qo‘l soati, 2 nafariga pul mukofoti va bir nafar faxriy xodimaga esa “Ichki ishlar vazirligi tashkil etilganligining 30 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
55 nafar xotin-qizlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan moddiy rag‘batlantirilib, ayrim xodimalarning intizomiy jazo choralari rag‘batlantirish tariqasida muddatidan ilgari bekor qilindi.
Shu bilan birgalikda bayram munosabati bilan viloyat hamda respublika darajasida o‘tkazilgan turli ko‘rik tanlovlar, sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan xodimalarga pul va boshqa qimmatbaho sovg‘alar berildi.