Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tarkibida yangidan tashkil etilgan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar ish faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Xabaringiz bor, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tom maʼnoda o‘sib kelayotgan yosh kelajak avlodni haqiqiy yurt farzandlari qilib tarbiyalash maqsadida hududiy ichki ishlar organlari tarkibida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etilib, ularning xizmat olib borishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berildi.
Hali ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan ushbu tizim xodimlarining dastlabki ish natijalarini monitoring qilish, ularning muammolarini o‘rgangan holda ish samaradorligini oshirish maqsadida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida faoliyat olib borayotgan
60 nafar inspektor psixologlar bilan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, tegishili sohaviy xizmatlar rahbarlari bilan birgalikda uchrashib yuzma-yuz muloqot qildi.
Yig‘ilishda inspektor-psixolog lavozimida xizmat olib borayotgan yosh xodimlarga qo‘yilayotgan talablar hamda ulardan kutilayotgan natijalar, bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, har bir xodimning xizmat faoliyati davomida uchrayotgan muammolari birma-bir muhokama qilindi.
Boshqarma boshlig‘i maktablarda tahsil olayotgan yoshlar o‘rtasida jinoyatlar salmog‘ining kun sayin oshib borishi hamda ular tomonidan huquqbuzarliklarning sodir etilayotganligi barchani birdek tashvishga solayotgani haqida to‘xtalib, ish olib borish uslubini tubdan o‘zgartirish hamda zamon talablariga mos ravishda xizmat olib borish davr talabi ekanligi haqida to‘xtaldi.
Ayniqsa, so‘nggi paytlarda o‘smirlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda hayosizlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi foto va videotasvirlarni ko‘rish, ularni tarqatish bilan bog‘liq holatlar sonining oshib borayotganligini taʼkidlab, har bir o‘quvchi bilan alohida yondashuv asosida ish olib borish zarurligini uqtirib o‘tildi.
Bundan tashqari, inspektor-psixologlar o‘zi xizmat olib borayotgan jamoaning ijtimoiy muhitini o‘rganishi va psixolog sifatida har bir xodimning psixologik holati bo‘yicha yakuniy xulosa berishi lozimligi to‘g‘risida ham topshiriqlar berildi.
Boshqarma boshlig‘i sohaga yaqinda kirib kelgan yosh psixologlar bilan yuzma-yuz muloqot qilar ekan, ichki ishlar organlari xodimlarining mavqeini ko‘tarish, xalq orasida davlat organlari va qonunlarga nisbatan hurmat ruhini shakllantirish lozimligi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish so‘ngida boshqarma boshlig‘i mutasaddilarga ichki ishlar organlari tizimida psixolog xodimlarning o‘z o‘rnini shakllantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, ularga munosib xizmat hamda turmush sharoitlarini yaratib berish yuzasidan muddatlari belgilangan topshiriqlar berib, alohida nazoratga oldi.